Janubiy Koreyada bir asr ichidagi eng kuchli yomg‘ir yog‘di. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
17 iyul 5973 1 daqiqa
Janubiy Koreyada 120 yil ichidagi eng ko‘p yomg‘ir yog‘ishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, 1000 ga yaqin odam evakuatsiya qilindi. Bu haqda bugun, 17 iyul kuni “Yonhap” xabar berdi.
“Yomg‘ir shimol tomonga siljish alomatlarini ko‘rsatayotgani sababli tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat organlari Chxunchxon viloyatida va Kyongido viloyatining janubiy qismida ogohlantirishning ikkinchi darajasini e’lon qildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud – Janubiy Chxunchxon provinsiyasidagi Sosan shahridir. U yerda yog‘ingarchilik miqdori 344 millimetrgacha yetgan.
“Seuldan 52 km janubda harakatlanayotgan transport vositasi ustiga tayanch devor qulab tushdi, oqibatda haydovchi halok bo‘ldi. Sosan shahridagi yo‘lda esa suv bosgan avtomobil ichidan yuragi to‘xtab qolgan erkak topildi, u yaqin atrofdagi shifoxonaga yetkazildi, biroq vafot etdi”, deya qo‘shimcha qiladi nashr.
Qayd etilishicha, mamlakatda jala yomg‘irlari 19 iyul kunigacha davom etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya poytaxti Moskva shahrida kuchli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq sodir bo‘lgandi. Oqibatda shahar ko‘chalarini suv bosgan, hatto yerosti avtoturargohlari ham suvga to‘lgandi.
Live
Barchasi