Janubiy Koreyada bir haftalik motam e’lon qilindi

Olam

image

Bugun, 29 dekabr kuni Jeju Air 2216 reysi Muan xalqaro aeroportida halokatga uchragani uchun Janubiy Koreya hukumati 7 kunlik milliy motam e’lon qildi. Bu haqda “The Korea Times” xabar berdi.

Samolyot halokati yuzasidan o‘tkazilgan favqulodda xavfsizlik yig‘ilishida Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Choy Sang Mok halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

“Biz ushbu kutilmagan fojiada halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz”, degan Choy.

Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, halokat sodir bo‘lgan joyda, shuningdek, 17 ta shahar va viloyatda, jumladan Seul va janubi-g‘arbiy Kvanju shahrida yodgorlik qurbongohlari o‘rnatiladi.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, davlat amaldorlari qurbonlarga hurmat belgisi sifatida motam lentalarini taqib yuradi.

Choy, shuningdek, Muanni maxsus ofat zonasi sifatida belgilagan.

“Biz sog‘ayish ishlari, marhumlarning oilalarini qo‘llab-quvvatlash va jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur yordamni ko‘rsatamiz”, dedi u.

Prezident vazifasini bajaruvchi tegishli idoralarga barcha mavjud resurslar, jumladan, asbob-uskunalar, xodimlar va infratuzilmani jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, u avariya sabablarini har tomonlama o‘rganib chiqishga va topilmalarni marhumlarning oilalari va jamoatchilikka to‘liq oshkoralik hamda tezkorlik bilan oshkor qilishga va’da berdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.

Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishi – bir yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya motam Choy Sang Mok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing