Janubiy Koreyada harbiy holat “siyosiy zilzila”ga aylandi (fotoreportaj)
Olam
−
04 dekabr 2024 12005 3 daqiqa
Janubiy Koreyada kecha, 3 dekabr kuni e’lon qilingan harbiy holat “siyosiy zilzila”ga aylandi. Hozirda harbiy holat bekor qilingan va vaziyat oddiy holatga qaytgandek. Xo‘sh, Koreyada o‘zi nimalar sodir bo‘lmoqda?
Kecha, 3 dekabr kuni Prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qildi. U bu qarorini iyun oyida yangi hukumat ish boshlaganidan beri parlament tomonidan 22 nafar hukumat rasmiysi ustidan impichment jarayonini boshlashga urinishlar bilan izohladi.






Shundan so‘ng Prezident tomonidan harbiy holatni boshqarishga tayinlangan general Pak An Su parlament va siyosiy partiyalar faoliyatini to‘xtatish hamda mamlakatdagi barcha OAVni nazorat qilishni e’lon qildi. Biroq parlament harbiy holat e’lon qilinganidan taxminan 150 daqiqa o‘tib uni bekor qilish uchun ovoz berdi.



Harbiylar Milliy Assambleya binosini to‘sib qo‘ydi, uning atrofida to‘qnashuvlar yuz berdi. Hukmron partiya yetakchisi Xan Don Xun Prezidentning harbiy holat e’lon qilish haqidagi buyrug‘ini bajarishga uringan harbiylarning harakatlarini noqonuniy deb atadi.
Taxminan olti soat o‘tib, Yun Sok Yol Milliy Assambleya iltimosiga binoan harbiy holatni bekor qilishini e’lon qildi. Shu bilan birga u “qayta-qayta impichment jarayonlari, qonunchilik va byudjet faoliyatini to‘xtatishni” talab qildi. Deputatlar esa harbiy holatni bekor qilish uchun qayta ovoz berdi va harbiylar o‘z xizmat joylariga qaytdi.
Xan Don Xun Prezident Yun Sok Yolni vaziyatni tushuntirishga va mas’ul shaxslarni, xususan, Mudofaa vazirini iste’foga chiqarishga chaqirdi. Demokratik partiya a’zosi Pak Chan De harbiy holat e’lon qilinishini “muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishi” deb atadi va Yun o‘z vazifalaridan chetlashtirilib, fuqaro va harbiy isyon uchun amaldagi jinoyatchi sifatida hibsga olinishi zarurligini bildirdi.

Bugun, 4 dekabr kuni harbiy holatning kiritilishi va bekor qilinishi bilan bog‘liq vaziyat fonida Chung Jin Suk raisligida Prezident ma’muriyati iste’foga chiqdi. Iste’foga chiqqanlar orasida Prezident ma’muriyati rahbari Chung Jin Suk, Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Sin Vonsik va Siyosat bo‘yicha shtab boshlig‘i Son Tae-Yun, shuningdek, yana yetti nafar katta yordamchi bor.
Bugun, 4 dekabr kuni Janubiy Koreyada oltita muxolifat partiyasi Prezident Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish taklifini kiritdi.



Amaldagi qoidalarga ko‘ra, impichment taklifiga ovoz berish parlamentning yalpi majlisida ko‘rib chiqilganidan so‘ng 24-72 soat ichida o‘tkazilishi kerak. Majlis 5 dekabrga o‘tar kechasi o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu shuni anglatadiki, impichment bo‘yicha ovoz berish 6 yoki 7 dekabr kunlari o‘tkaziladi. Prezidentga impichment e’lon qilish haqidagi taklifni 191 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan.
Janubiy Koreya Milliy Assambleyasida (parlamentda) jami 300 ta o‘rin mavjud bo‘lib, ulardan 108 tasi Prezidentning “Fuqarolik kuchi” partiyasi nazoratida. Impichment e’lon qilish uchun deputatlarning uchdan ikki qismining ovozi talab etiladi. Agar tashabbus zarur ovozlarni to‘plasa, masala Konstitutsiyaviy sudga yuboriladi. Sudning 9 nafar sudyasidan kamida 6 nafari prezidentni lavozimidan chetlatishni qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Konstitutsiyaviy sud masalani ko‘rib chiqayotgan davrda prezidentning vakolatlari to‘xtatiladi va uning vazifalarini bosh vazir bajaradi.
Live
Barchasi