Janubiy Koreya Ukrainaga qurol yetkazib berishni boshlashi mumkin

Olam

image

Rossiya va KXDR o‘rtasida mudofaa bitimi tuzilgach, Janubiy Koreya Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda bugun, 20 iyun kuni mamlakatning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Chang Xo Jin ma’lum qildi.

Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik, mudofaa va strategik sherikchilik to‘g‘risidagi bitim imzolangani sababli Seul o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi.   

“Janubiy Koreya hukumati bu yaqinlik tufayli jiddiy xavotirda va ushbu kelishuv imzolanishini qoralaydi. Shimoliy Koreyaning harbiy kuchini mustahkamlashga bevosita yoki bilvosita hissa qo‘shadigan har qanday hamkorlik BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzish hisoblanadi”, deydi Xo Jin.

Biroq, hozircha Janubiy Koreya Prezidenti idorasi Seulning Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasi bo‘yicha qanday to‘xtamga kelganini hali e’lon qilmadi. Bu esa ular hali mazkur mavzuda ochiq izoh bermasliklarini ko‘rsatmoqda.

“Aniq chora-tadbirlar keyinroq e’lon qilinadi. Chunki biz rejalarni oldindan oshkor qilmoqchi emasmiz va biz Rossiyaning munosabati bilan qiziqamiz”, deya tushuntirdi Janubiy Koreya Prezidenti idorasidagi manba “Yonhap” axborot agentligiga.

Bugungi kunda Janubiy Koreya dunyodagi eng yirik qurol yetkazib beruvchilardan biri. Ammo u hozircha Ukrainaga qurol yetkazib bermaydi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqinda ikki davlat munosabatlaridagi bu holatni qadrlashini alohida ta’kidlab o‘tgandi.

Ma’lumot uchun, 1948 yilgacha yagona davlat bo‘lgan Janubiy va Shimoliy Koreya 75 yildan buyon yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnata olmayapti. Ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlik Shimolda hokimiyat Kim Chen Inga me’ros qoldirilgandan buyon yanada kuchaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan imzolangan keng qamrovli strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning mazmunini e’lon qilgandi. Bitimning mudofaaga oid qismida ikki davlatning biriga bosqin uyushtirilgan taqdirda harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi band mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya KXDR Chang Xo Jin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing