Kim Putin bilan tuzilgan shartnoma mazmunini ochiqladi
Olam
−
20 iyun
13766Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan imzolangan keng qamrovli strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning mazmunini e’lon qildi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Keltirilishicha, hujjat jami 23 ta moddadan iborat bo‘lib, ularda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, fan-texnika, jumladan, kosmik va tinch atom energetikasi sohasida hamkorlikni kengaytirish, dunyoda tinchlik va farovonlikni mustahkamlashga yordam beruvchi masalalar qayd etilgan.
Jumladan, bitim moddalarida tomonlar milliy suverenitetni o‘zaro hurmat qilish, bir-birining hududlariga tajovuz qilmaslik, ichki ishlarga aralashmaslik, teng huquqlilik hamda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va hamkorlik bilan bog‘liq boshqa xalqaro-huquqiy tamoyillarga asoslangan har tomonlama strategik sheriklikni shakllantirish, o‘z davlatlarining qonunlari va xalqaro majburiyatlarini hisobga olgan holda munosabatlarni doimiy ravishda saqlab turish va rivojlantirish kabilar o‘rin olgan.
Kelishuvning mintaqaviy, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun bir-biri bilan hamkorlik qilish borasidagi punkti esa tomonlarga qurolli bosqinchilik harakati sodir etilishi mumkinligi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid yuzaga kelgan taqdirda, har ikki tomon o‘z iltimoslariga binoan bir-birlarining pozitsiyalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha mumkin bo‘lgan amaliy chora-tadbirlarni kelishib oladilar va shu maqsadda tahdidni bartaraf etishda hamkorlik qiladilar.
Shuningdek, ushbu shartnoma kuchga kirgan kundan boshlab 2000 yil 9 fevralda qabul qilingan “Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma” o‘z kuchini yo‘qotadi. Yangi shartnoma esa cheksiz davrga tuzilganligi aytilgan. Agar tomonlardan biri shartnomaning amal qilishini to‘xtatib qo‘yishni xohlasa, u boshqa tomonni yozma ravishda xabardor qilishi kerak. Shartnomaning amal qilish muddati esa yozma xabarnoma olingandan keyin bir yil o‘tgach to‘xtaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Shimoliy Koreyaga borgani haqida xabar berilgandi. Putin safari chog‘ida Kimga limuzin sovg‘a qildi. So‘ngra Rossiya Prezidenti Shimoliy Koreyaga tashrifini yakunlab, Vetnamga yetib bordi.
LiveBarchasi