Janubiy Koreya Ukrainada asir tushgan shimolliklarni qabul qilishga tayyor – “Reuters”

Olam

image
0:00
0:00
download

Janubiy Koreya hukumati Ukrainada asirga tushgan Shimoliy Koreya harbiylarini, agar ularning o‘zi istasa, mamlakat hududiga qabul qilishga tayyor. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Seul rasmiylarining aytishicha, Ukrainada asirga tushgan shimoliy koreyalik harbiylar KXDRga qaytarilmasligi kerak. Shuningdek, ularni Rossiyaga yuborish ham xatarli.

Ma’lum bo‘lishicha, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga kelasi hafta Janubiy Koreyaga tashrif buyuradi. U Seulda Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Cho Xyon bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatlar hamda Ukrainadagi shimoliy koreyalik harbiy asirlar masalasini muhokama qiladi.

Janubiy Koreya Konstitutsiyasiga ko‘ra, Shimoliy Koreya aholisi ham mamlakat fuqarolari hisoblanadi. Shu sababli Seul hukumati Janubiy Koreyaga ko‘chib o‘tish istagini bildirgan barcha shimoliy koreyalik harbiylarni qabul qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Hukumat vakillaridan biriga ko‘ra, rasmiy Seul mazkur harbiylarning erkin xohish-irodasiga asoslangan holda Janubiy Koreyaga ko‘chib o‘tishini qo‘llab-quvvatlaydi va ularga qonunchilik doirasida zarur himoya hamda yordam ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning boshida Rossiyaning Kursk viloyatiga yuborilgan ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan asir olingan edi. Ular keyinchalik Janubiy Koreyaga ko‘chib o‘tish istagini bildirgan.

Janubiy Koreyaga qochib o‘tgan sobiq shimoliy koreyaliklar va huquq faollarining aytishicha, Pxenyan harbiy doktrinasida askarlarga asir tushish taqiqlangan. Ularga dushman qo‘liga tushish xavfi tug‘ilgan taqdirda o‘z joniga qasd qilish buyrug‘i berilgani aytilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etish uchun Shimoliy Koreya tomonidan 15 mingdan ortiq harbiy yuborilgan. Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, ularning taxminan 6 ming nafari halok bo‘lgan, yana 4 ming nafari esa turli darajada jarohat olgan.

Avvalroq, KXDR rahbari Kim Chen In Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin va Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov ishtirokida Pxenyan shahrida Ukraina urushida halok bo‘lgan shimoliy koreyalik harbiylar xotirasiga bag‘ishlangan memorialni ochgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing