Janubiy Koreya Prezidenti O‘zbekistonga tashrifi davomida 2 ta shaharda bo‘ladi
Jamiyat
−
11 iyun
15389O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol 13-15 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston-Koreya do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.
"Savdo, innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi, energetika, elektronika va elektrotexnika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi qo‘shma dasturlar muhokama qilinadi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, mintaqaviy, shu jumladan "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan. Sammit yakunlari bo‘yicha bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlari qo‘shma biznes forumida ishtirok etadi. Prezident Yun Sok Yol O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishish maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyuradi.
Ma’lumot uchun, Yun Sok Yol 10-11 iyun kunlari Markaziy Osiyo bo‘ylab safari doirasida Turkmanistonga davlat tashrifini amalga oshiradi. Janubiy Koreya rahbari 11-13 iyun kunlari Qozog‘istonga, keyin esa O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yun Sok Yol Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedovni o‘z mamlakatiga tashrif buyurishga taklif qilgandi.
LiveBarchasi