Janubiy Koreya KXDR va Rossiyaning harbiy hamkorligidan xavotirda
Olam
−
14 Sentabr 2023
5650Janubiy Koreya Bosh vaziri Xan Dok Su Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikdan tashvishlanayotganini aytdi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi.
"Rossiya va Shimoliy Koreya qanchalik yaqinlashayotganini ko‘rib turibmiz. Ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ehtimoli haqidagi xabarlar juda xavotirli", degan Xan Dok Su.
O‘z navbatida, Koreyani birlashtirish vaziri Kim Yon Xo ham Rossiya va Shimoliy Koreyani qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha ehtimoliy kelishuvda “xalqaro me’yorlar”ga rioya qilishga chaqirgan.
“Harbiy hamkorlik va qurol-yarog‘ kelishuvidan chuqur tashvishlanmaslik mumkin emas. Agar biz barcha jihatlarni hisobga olsak, Rossiya Mudofaa vazirining Shimoliy Koreyaga tashrifidan keyingi tendensiyalar – Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning yaqinda bir qator harbiy zavodlarga tashrifi, unga Rossiya safarida hamrohlik qilayotganlar ro‘yxati, Rossiyaning Shimoliy Koreyaga sun’iy yo‘ldosh yaratishda yordam bermoqchiligi tomonlarning u yoki bu shaklda harbiy ittifoq tuzishiga ishora”, deydi vazir.
U yana bir bor Rossiya va Shimoliy Koreyani xalqaro me’yorlarga, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga rioya qilishga, Moskva va Pxenyanning yakkalanishiga olib keluvchi “noqonuniy harakatlar”dan voz kechishga chaqirgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasidagi hamkorlik uchinchi davlatlarga qarshi qaratilgan emasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya BMTning mas’uliyatli a’zosi bo‘lib qoladi, shu bilan birga u eng yaqin qo‘shnisi sifatida KXDR bilan munosabatlarni rivojlantiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 sentyabr kuni Kim Chen In Pxenyandan jo‘nab, Rossiyaga maxsus poyezdda yo‘l olgandi. Kecha, 12 sentyabr kuni Rossiyaga kelgan Kim Chen In Tabiat vaziri Aleksandr Kozlov va Primorsk o‘lkasi gubernatori Oleg Kojemyako bilan muzokara o‘tkazdi. Bugun, 13 sentyabrda Shimoliy Koreya yetakchisi Prezident Putin bilan “Vostochniy” kosmodromida uchrashdi. Ular qisqa suhbatdan so‘ng kosmodromdagi ob’ektlarni ko‘zdan kechirdi. Keyin esa davlat rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalarning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, Kim Chen In sharafiga rasmiy tushlik uyushtirildi.
Asadbek Komilov
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr