Janubiy Koreya ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Olam

image

Janubiy Koreya hukumati 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishini cheklash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “The Korea Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Koreya OAV va kommunikatsiyalar komissiyasi raisi Kim Chen Chxol mazkur tashabbusni Chxon Va Dedagi siyosiy brifingda ma’lum qilib, o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan me’yoridan ortiq foydalanishi butun dunyo miqyosidagi muammoga aylanganini ta’kidlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, komissiya 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoq platformalarida akkaunt ochishini cheklash, shuningdek, 14-19 yoshli o‘smirlarni ijtimoiy tarmoqlardan ortiqcha foydalanishga undashi mumkin bo‘lgan algoritmlar va platforma dizaynlarini bosqichma-bosqich tartibga solish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Kimning bildirishicha, Janubiy Koreya Milliy assambleyasida ushbu masalaga oid yettiga yaqin qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.

Shu bilan birga, u bunday cheklovlarni joriy etishda ehtiyotkorlik zarurligini ta’kidlagan. U 2011 yilda qabul qilingan va 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yarim tundan ertalab soat 06:00 gacha onlayn o‘yin o‘ynashni taqiqlagan qonunni misol qilib keltirgan. Mazkur qonun inson huquqlarini cheklashi va o‘yin sanoatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani haqidagi tanqidlar ortidan 2022 yilda bekor qilingan.

Shuningdek, Janubiy Koreyaning ushbu tashabbusi bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan global tendensiya fonida ilgari surilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqida bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga yosh bo‘yicha cheklov joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing