Janubiy Afrika Putinni hibsga olmaslik yo‘llarini qidirmoqda
Olam
−
01 iyun 2023
6120Janubiy Afrika Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avgust oyida bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitiga borsa, Xalqaro jinoiy sud (XJS)ning uni hibsga olish uchun chiqargan orderini chetlab o‘tish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
XJS a’zosi bo‘lgan Janubiy Afrika nazariy jihatdan mart oyida sud tomonidan chiqarilgan order bo‘yicha Putinni hibsga olishi kerak. Biroq Janubiy Afrika order chiqishidan oldin ya’ni 25 yanvar kuni Putinni avgust oyida Yoxannesburgda bo‘ladigan BRICS sammitiga taklif qilgan.
Ismi oshkor qilinmagan yuqori martabali hukumat amaldorining so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Afrika rasmiylari orasida BRICS’ning oldingi raisi Xitoydan sammitni o‘tkazishni so‘rash niyatida. Biroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov BRICS sammiti Janubiy Afrikadan Xitoyga ko‘chirilishi haqidagi xabarlar soxta ekanini ma’lum qilgan. Kreml esa Rossiya sammitda "tegishli darajada" ishtirok etishini aytgan.
Xalqaro munosabatlarga oid qarashlari hukumat amaldorlari orasida katta ta’sirga ega bo‘lgan JAR sobiq prezidenti Thabo Mbeki sammit Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tmasligini taxmin qilgan.
“Qonuniy majburiyatlarimiz tufayli biz Prezident Putinni hibsga olishimiz kerak, ammo buni qila olmaymiz”, deydi Mbeki.
Yana bir JAR rasmiysi Obed Bapelaning ta’kidlashicha, Janubiy Afrika Pretoriyaga XSJ tomonidan qidirilayotgan rahbarlarni hibsga olish yoki hibsga olmaslik imkoniyatini beradigan qonun qabul qilishni rejalashtirmoqda.
Bapela izoh berish so‘rovlariga javob bermagan. Biroq mamlakat Adliya departamenti mulozimining aytishicha, sammitdan oldin bunday qonun parlament tomonidan ma’qullanishi uchun vaqt yetarli emas.
Ma’lumot uchun, Janubiy Afrika Sudanning sobiq prezidenti, genotsidda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan Umar al-Bashir 2015 yilda Yoxannesburgda bo‘lib o‘tgan Afrika Ittifoqi sammitida ishtirok etganida uni hibsga ololmagan. Bu esa norozilikka sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng JAR XJSdan chiqish niyatida ekanini bildirgan. Biroq Afrika Milliy Kongressi o‘tgan yilning dekabr oyida Janubiy Afrika bu jarayondan voz kechib, XJSga o‘zgartirishlar kiritishga harakat qilishi kerak, degan qarorga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan, chunki ular bolalarning noqonuniy deportatsiyasi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgandi. Janubiy Afrika hukumati Vladimir Putinni bo‘lajak BRICS sammitida ishtirok etishdan bosh tortishga chaqirdi va Kremlni Putinni videoaloqa orqali sammitda ishtirok etishga ko‘ndirishga urindi.