Jalolov “Stranja” turnirida 1 ta jang o‘tkazib oltin medalni qo‘lga kiritdi
Sport
−
26 fevral 2023
22897Avval xabar berganimizdek, bugun, 26 fevral kuni Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha nufuzli “Stranja” turniri o‘z poyoniga yetadi. So‘nggi kun dasturida ikki nafar o‘zbekistonlik bokschi muddatidan avval oltin medalni naqd qildi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
-86 kg vazn toifasida Shohjahon Abdullayev italiyalik Vinchenso Lizzi qarshi, +92 vaznda Bahodir Jalolov Armaniston vakili Davit Chaloyan qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi, biroq o‘zbekistonlik bokschilarning raqiblari jang o‘tkazishdan bosh tortgan.
“Bahodir Jalolov va Shohjahon Abdullayev muddatidan oldin chempion bo‘ldi. Terma jamoamiz bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevning xabar berishicha, bokschilarimizning raqiblari bugungi final jangiga chiqishdan bosh tortgan”, deyiladi federatsiya xabarida.
Qizlar o‘rtasida -48 kg vazn toifasida Saidaxon Rahmonova finalda mezbon bokschiga imkoniyatni boy berdi va musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov Sofiyadagi turnirda faqatgina 1 ta jang o‘tkazdi. U turnirdagi ilk bahsida amerikalik Edvards Joshuani mag‘lub etgandi. Yarim finalda qozog‘istonlik Kamshibek Ko‘nkabayev ham Jalolovga qarshi ringga ko‘tarilishni istamadi.
LiveBarchasi