Shov-shuvli olimpiada yakunlandi
Sport
−
11 avgust
26316Tobora nihoyasiga yaqinlashayotgan Parijdagi Olimpiada startida faqatgina Diyoraning oltin medali bilan ovunayotgandik, finish yaqinlashgani sari O‘zbekistonning medallari shu darajada ko‘payib ketdiki, delegatsiya umumjamoa hisobida kuchli yigirmatalikdan joy olishni uddaladi va O‘zbekiston Olimpiadalar tarixidagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi. O‘zbek sportchilarining Parijda dovrug‘i doston bo‘lganidan hatto qo‘shni mamlakat davlat rahbari Olimpiadada bokschi Hasanboy Do‘smatov va taekvondochi Ulug‘bek Rashidovga muxlislik qilayotganini ham yashirmadi. Yana bir bokschi Bahodir Jalolov esa Parijda o‘zbek sportchilariga yaratilgan sharoitlardan noliganlarni nonko‘r deb atadi. Baribir dunyo ahli uchun Olimpiada tashkilotchilikdagi qovunlar va erkak bokschining ayollar o‘rtasidagi janglarda qatnashishi bilan yodda qoldi, dunyo o‘zbeklari uchun esa bugun so‘z ochadigan mavzularimiz bilan xotirlarga muhrlanadi.
Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da hafta sporti tahlili. Biz boshladik.
Tarmoqlarda Bahodir Jalolovning fikri noto‘g‘ri talqinlanmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolovning Parijda sportchilarga O‘zbekiston hukumati tomonidan yaxshi sharoit yaratib berilgani va ovqatlanish borasida hech qanday muammo yo‘qligi haqida gapirgan videolari tarqaldi.
Videoda Bahodir Jalolov Parijdagi sharoitlardan noligan o‘zbek sportchilarini nonko‘r deb atadi.
Gap shundaki, 5 avgust kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze Parijdagi sharoitlarni tanqid qilib, bir qator yordamchilari va jamoa menejeri Olimpiya shaharchasiga kiritilmagani, jamoa joylashgan binoda tashkilotchilar aybi bilan konditsionerlar ishlamagani, suvsiz qolgani, mashg‘ulotlar va massaj jarayonlari ko‘ngildagidek o‘tmaganini aytdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa, Jalolovning gaplari xuddiki Kapadzega “tosh otganday” qilib talqin qilinmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Kapadze va uning shogirdlari futbol bahslari ertaroq boshlangani uchun Parijga birinchilardan borgan. O‘zbekiston delegatsiyasiga maxsus ovqatlar esa biroz vaqt o‘tgach yetkazilgan.
Bu borada Bahodir Jalolov QALAMPIR.UZ'ga ijtimoiy tarmoqlarda fikrlari noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi.
“Bildirgan fikrlarimni noto‘g‘ri talqin qilishdi. Gaplarim Kapadze va uning shogirdlariga qaratilmagandi. Kapadze Parijdagi tashkilotchilikni tanqid qilgani ko‘rinib turibdi. Men esa bizda ovqat masalasida muammo bo‘lmaganini aytmoqchi edim xolos”, deydi Jalolov.
Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov Parij Olimpiadasidagi yarim final jangini Toshkent vaqti bilan 8 avgustga o‘tar kechasi o‘tkazadi. G‘alaba Jalolovni ketma-ket ikkinchi marta Olimpiada finalchisiga aylantiradi.
Ulug‘bek Rashidov ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ldi
Parij shahrida davom etayotgan Olimpiada o‘yinlarining taekvondo bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Ulug‘bek Rashidov ketma-ket ikki karra Olimpiada chempioniga aylandi.
-68 kg vazn finalida Rashidov iordaniyalik Zayid Karimga qarshi dayanga chiqib, raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.
Finalgacha 22 yoshli o‘zbekistonlik taekvondochi Gongkong, Xitoy va ispaniyalik raqiblarini dog‘da qoldirdi.
Shunday qilib, Rashidov O‘zbekiston delegatsiyasiga Parij Olimpiadasidagi ikkinchi oltin medalni keltirdi. Bungacha dzyudochi Diyora Keldiyorova O‘zbekiston hisobida dastlabki oltin medalni qo‘shib qo‘ygandi.
Hasanboy Do‘smatov ham ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ldi
Parij shahrida tobora o‘z poyoniga yetib borayotgan Olimpiada o‘yinlarining boks bahslarida final janglari boshlandi.
-51 kg vaznda hal qiluvchi jangga yetib kelgan Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov oltin medal uchun jangda mezbonlar bokschisi Bennama Bilolga qarshi ringga ko‘tarilib, g‘alaba qozondi va ikki karra Olimpiada chempioniga aylandi.
Qayd etish joiz, Do‘smatov o‘tgan yili Toshkentda o‘tkazilgan Jahon chempionati finalida ham Bilol bilan jang qilib, raqibini 1-raunddayoq nokautga uchratgandi.
Hasanboy Do‘smatovga muxlislik qildim – To‘qayev
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Ostonadagi uchrashuvida Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘zbekistonlik sportchilarning Olimpiadadagi natijasi bilan tabrikladi To‘qayev Mirziyoyevni qutlar ekan, O‘zbekistonning ikki sportchisi ikki karra Olimpiya chempioni bo‘lganini ta’kidladi.
“Olimpiadadagi muvaffaqiyat bilan tabriklayman! Bokschi Hasanboy Do‘smatov Olimpiada chempioni bo‘ldi. Taekvondochilaringiz ham chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi. Hammamiz muxlislik qildik”, degan To‘qayev.
O‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘z minnatdorchiligini bildirgan.
Mirziyoyev ikki karra Olimpiada chempionlarini telefon orqali tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Parij Olimpiadasida o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medallarni qo‘lga kiritgan hamda ikki karra Olimpiada chempioniga aylangan taekvondochi Ulug‘bek Rashidov va bokschi Hasanboy Do‘smatov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari sportchilarni tabriklab, terma jamoa tomonidan bir kun ichida Olimpiadaning ikkita oltin medali qo‘lga kiritilgani O‘zbekiston sporti uchun tarixiy voqea bo‘lganini qayd etgan. O‘z navbatida Ulug‘bek Rashidov va Hasanboy Do‘smatov Prezident Mirziyoyevga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirgan.
Ma’lumot uchun, Parij shahrida davom etayotgan Olimpiada o‘yinlarining taekvondo bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan 22 yoshli Ulug‘bek Rashidov ketma-ket ikki karra Olimpiada chempioniga aylandi. Shuningdek, -51 kg vaznda hal qiluvchi jangga yetib kelgan Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov oltin medal uchun jangda mezbonlar bokschisi Bennama Bilolga qarshi ringga
ko‘tarilib, g‘alaba qozondi va ikki karra Olimpiada chempioniga aylandi.
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Olimpiada chempioni bo‘ldi
Fransiya mezbonligi ostida o‘tayotgan Parij-2024 yozgi Olimpiada o‘yinlarining boks bo‘yicha final uchrashuvida -71 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Meksika vakili Marko Alonso Verde Alvaresga qarshi ringga ko‘tarildi va uni mag‘lub etib, Parij Olimpiadasining oltin medaliga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasining turnirdagi medallari soni 7 taga yetdi - 4 ta oltin va 3 ta bronza.
Lazizbek Mullojonov ham Olimpiada chempioniga aylandi
Olimpiada o‘yinlaridagi bahslar tobora oxirlab bormoqda. Boks bo‘yicha final uchrashuvida 92 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Osiyo chempioni, harbiylar o‘rtasida jahon chempioni, 2022 yilgi jahon chempionati bronza medali sovrindori o‘zbekistonlik Lazizbek Mullojonov asli kubalik bo‘lgan Ozarbayjon vakili Alfredo Domingezga qarshi ringga ko‘tarildi.
Qizg‘in o‘tgan jangda Lazizbek Mullojonov g‘alabaga erishdi va O‘zbekiston delegatsiyasiga navbatdagi oltin medalni taqdim qildi.
Mullojonovning g‘alabasidan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasining turnirdagi medallari soni 8 taga yetdi - 5 ta oltin va 3 ta bronza.
Biroz oldin boks bo‘yicha final uchrashuvida -71 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Meksika vakili Marko Alonso Verde Alvaresga qarshi ringga ko‘tarilgandi va uni mag‘lub etib, Parij Olimpiadasining oltin medaliga ega bo‘lgandi.