Jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha zarur yordamni ko‘rsatib kelmoqdamiz – Mirziyoyev
Jamiyat
−
02 Sentabr 2021
3695Xabaringiz bor, bugun, 2 sentyabr kuni Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik anjumani boshlandi. Anjuman ochilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Davlat rahbari o‘z nutqida Markaziy Osiyo mintaqacidagi taraqqiyot va barqarorlik masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston Afg‘onistondagi muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanligi va afg‘on xalqiga yordam berib kelayotganini ta’kidladi.
“Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi – Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash hamda bu makonda farovonlik, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdir.
Bu borada, biz, birinchi galda, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, suv va energetika resurslaridan birgalikda foydalanish, masalalariga katta ahamiyat qaratyapmiz.
Ikkinchidan, tarixdan ma’lumki, mintaqamiz Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘lkalarini bog‘lagan muhim hudud sifatida tanilgan.
Bu borada Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, ayniqsa, yangi transport koridorlarini rivojlantirish orqali ushbu mintaqalardagi iqtisodiy o‘sish hamda aholining hayot darajasini oshirishni maqsad qilib olganmiz.
Uchinchidan, Afg‘onistonda siyosiy barqarorlikni o‘rnatish va iqtisodiyotni tiklash – mintaqaviy xavfsizlik va taraqqiyotning ishonchli omilidir.
O‘zbekiston doimo bu mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib kelgan. Va hozirgi murakkab sharoitda ham jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha zarur yordamni ko‘rsatib kelmoqdamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari avval ham Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirgan edi. Xususan, mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida ham O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasi haqida to‘xtalib, rasmiy Toshkent mamlakatdagi hokimiyat almashinuvi tinch yo‘l bilan o‘tishi tarafdori ekanini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi