Deputat Ortiqxo‘jayev haqida doston yozish mumkinligini aytdi (video)

Jamiyat 4744

Bugun, 13 yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tgani, unda Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodi Toshkent shahar hokimligiga tasdiqlangani haqida xabar bergan edik. 

Sessiyada nomzod masalasi deputatlar tomonidan yopiq eshiklar ortida muhokama qilindi, so‘ng yig‘ilishda har bir partiyadan bir nafar vakil o‘z partiyasi nomidan chiqib yakuniy fikrlarini bildirdi. Shunda vakillardan biri “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi deputati Ortiqxo‘jayev bilan birgalikda uzoq vaqtdan beri ishlayotgani va u haqida dostonlar aytishi mumkinligi haqida gapirdi.

“Bu kishining fazilatlari juda ham ko‘p. Men bir narsaga amin bo‘ldimki, agarda Toshkent aholisining birortasida musibat bo‘lsa, u o‘zining shaxsiy musibati deb hisoblaydi. Bu odamni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich tavsiya qilganlaridan juda ham xursandmiz. 

Bu odam haqida juda ham ko‘p gapirish mumkin. Dostonlar qilib yozishim mumkin. Menga juda ham ko‘p chet ellardan odamlar kelyapti. Hammasi hayron. Oldinlari kelganida bular yo‘q edi. Buni hammasini, ertakni hayotga tadbiq etib berayotgan muhtaram Shavkat Miromonovichga rahmat. Shaharga yo‘lni ochiq qilib bergan Jahongir akamizga katta rahmat. Men o‘ylaymanki, dunyoning manaman degan 50 ta megapolislariga kiramiz. Buning uchun muhtaram Prezidentimizning, Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ijrosini ta’minlashga va’da beramiz”, deydi Toshkent shahar kengashi deputati Taspo‘lat Matibayev. 

Shuningdek, deputat Toshkent shahar hokimining yonida yelkama-yelka bo‘lishini, topiriqlarini bajarishga deputatlar nomidan hammani chaqirib qolishini aytdi. Deputatning aytishicha, hokim yoshlarni, xalqni yurtni sevishga tarbiyalayotgan ulug‘ insonlardan biridir. 

“Yelkama-yelka bo‘lib, Jahongir akadek ulug‘ odam bilan birga ishlash hammamizga baxt. Bu odam elni, yurtni, yoshlarni, barkamol avlodni, elim deb yurtim deb sevishga tarbiyalayotgan ulug‘ insonlardan biridir. 

Jahongir Obidovich, biz sizni yoningizda yelkama-yelka turib ishlashga va’da beramiz. Har bir topshiriqlaringizni bajarishga, deputatlik korpusi bilan qo‘llab-quvvatlashga shaxsan o‘zim nomimdan, oilam nomidan, “Adolat” partiyasi nomidan hammangizni chaqirib qolamiz. Birgalikda yondashishga, qo‘llab-quvvatlashga, Prezidentimizning har bir topshirig‘ini bajarishga va’da beramiz”, deydi “Adolat” partiyasi vakili partiya nomidan chiqib so‘zlagan nutqida.   

Bahodir Ahmedov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 106
Reyting: 2.9
t
×