Jahon chempionatida qaysi rekordlar yangilanishi mumkin?
Sport
−
12 iyun 3738 3 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionati turnir tarixidagi eng yirik musobaqa sifatida tarixga kirishi kutilmoqda. AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan musobaqada ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Bu esa nafaqat format, balki bir qator statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham yangi rekordlar o‘rnatilishi ehtimolini oshiradi.
Eng katta o‘zgarish o‘yinlar sonida kuzatiladi. 1998-2022 yillar oralig‘idagi Jahon chempionatlarida 64 tadan uchrashuv o‘tkazilgan bo‘lsa, 2026 yilgi musobaqada bu ko‘rsatkich 104 taga yetadi. Tabiiyki, bu gollar soni bo‘yicha ham yangi rekord qayd etilishi ehtimolini kuchaytiradi. Hozircha bir chempionatda eng ko‘p gol urilgan turnirlar 1998 va 2014 yillardagi musobaqalar bo‘lib, ularda jami 172 tadan gol qayd etilgan.
Qatnashchilar soni ham tarixiy darajaga chiqadi. Ilk bor 48 ta milliy jamoa Jahon chempionligi uchun kurash olib boradi. Bu esa final bosqichida maydonga tushadigan futbolchilar sonining ham sezilarli ortishiga olib keladi.
2026 yilgi mundial yana bir jihati bilan alohida ahamiyatga ega. Turnirga tarixda birinchi marta uch davlat – AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilmoqda. Shuningdek, Meksika Jahon chempionati o‘yinlarini uchinchi marta qabul qilayotgan ilk mamlakatga aylandi.
Shaxsiy rekordlar nuqtai nazaridan ham turnir juda qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. Agar terma jamoalari bilan musobaqada ishtirok etsa, Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu tarixda olti marta Jahon chempionatida qatnashgan ilk futbolchilarga aylanadi. Hozircha rekord beshta mundial ishtirokidan iborat.
Messi shuningdek, Jahon chempionatlaridagi o‘yinlar soni bo‘yicha o‘z rekordini yanada yaxshilashi mumkin. Argentinalik yulduz hozirning o‘zida 26 ta uchrashuv bilan bu borada mutlaq yetakchi hisoblanadi.
Gollar bo‘yicha rekord ham xavf ostida turibdi. Hozirgacha germaniyalik hujumchi Miroslav Kloze mundiallar tarixida 16 ta gol bilan eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. Messi hisobida 13 ta, fransiyalik yulduz Kilian Mbappe hisobida esa 12 ta gol mavjud. Shu bois har ikki futbolchi joriy turnirda Klozening natijasiga yetib olishi yoki uni ortda qoldirishi mumkin.
Messi yana bir muhim ko‘rsatkich – Jahon chempionatlaridagi g‘alabalar soni bo‘yicha ham rekordni yangilash imkoniyatiga ega. Hozircha bu borada Kloze 17 ta g‘alaba bilan peshqadam bo‘lsa, argentinalik futbolchi hisobida 16 ta g‘alaba bor. Messi terma jamoasi bilan kafolatlangan 3 ta uchrashuvda maydonga tushishini hisobga olinsa, bu rekord ham ko‘p ehtimol bilan joriy mundialda yangilanadi.
Ispaniya terma jamoasining yosh iste’dodi Lamin Yamal ham tarixiy natija qayd etishi mumkin. Agar u turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topilsa, Jahon chempionati tarixida mazkur sovrinni qo‘lga kiritgan eng yosh futbolchiga aylanadi. Hozircha bu rekord 1986 yilgi mundialda 25 yoshida “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan Diyego Maradonaga tegishli.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Shu sababli, terma jamoaning mundaldagi har bir goli, har bir ochkosi va har bir sariq hamda qizil kartochkalari “Oq bo‘rilar” uchun tarixiy bo‘ladi.
O‘zbekiston joriy yilning 18 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi Jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan tonggi soat 07:00 da Meksikadagi “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, terma jamoa 23 iyun kuni Portugaliya bilan, 27 iyun kuni esa Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib boradi.