Jahon chempionatida ishtirok etadigan eng kichik davlat ma’lum bo‘ldi

Sport

image

Bugun, 19 noyabr kuni Kyurasao terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati saralashi “B” guruhi so‘nggi turida Yamayka bilan 0:0 hisobida durang o‘ynab, o‘z tarixida ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa Karib dengizidagi 156 ming aholiga ega kichik orol davlati Jahon chempionatiga chiqqan eng kichik davlat sifatida tarixga kirdi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.

Karib dengizida joylashgan kichik orol davlati bor-yo‘g‘i 156 115 kishilik aholiga va atigi 444 kvadrat kilometr quruqlikka ega. Kyurasao saralashni mag‘lubiyatga uchramasdan yakunladi va 12 ochko bilan “B” guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Ular 2018 yilgi  350 000 dan sal ko‘proq aholisi bilan Jahon chempionatida qatnashgan Islandiya rekordini ortda qoldirdi .

Shaxsiy sabablarga ko‘ra, oxirgi o‘yinda qatnashmagan Kyurasao bosh murabbiyi Dik Advokat faoliyati davomida Niderlandiya, Janubiy Koreya, Belgiya va Rossiya terma jamoalarida ham ishlagan.

KONKAKAF saralashining yakuniy turida Panama, Gaiti ham mundial yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Panama Salvador ustidan 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan “A” guruhida yetakchiga aylangan bo‘lsa, Gaiti esa Nikaraguani 2:1 hisobida mag‘lub etib, saralashni muvaffaqiyatli yakunladi.

Yamayka va Surinam esa ikkinchi o‘rin bilan FIFA’ning federatsiyalarlar pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Ular mart oyida Boliviya, Yangi Kaledoniya, Kongo va Iroq bilan ikkita qolgan mundial yo‘llanmasi uchun kurashadi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda Jahon chempionatiga yo‘l olgan 42 ta terma jamoa nomi aniq bo‘lib ulgurgan. Qolgan 6 ta yo‘llanma esa 2026 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan pley-off bahslari orqali aniqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Kyurasao 156 ming aholiga ega eng kichik davlat 444 kvadrat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing