Jahon banki O‘zbekistonga yana $143 mln qarz berishga rozi bo‘ldi

Jamiyat

image

Joriy yilning 24 iyun kuni Jahon bankinig ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 143 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar mamlakat hukumati tomonidan jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish loyihasini moliyalashtirish va qurilish sektorida “yashil” energiyaga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha institutsional va normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish uchun sarflanadi.

Imtiyozli moliyalashtirish O‘zbekiston hukumatiga Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan past foiz stavkasi bo‘yicha 30 yil muddatga, shu jumladan besh yillik imtiyozli davr bilan taqdim etiladi.

O‘zbekistonda yakuniy energiya iste’molining 50 foizi binolar sektoriga to‘g‘ri keladi, ikkinchi o‘rinda sanoat (22 foiz) va transport (20 foiz) sohalari turadi. Tuman shifoxonalarida iste’mol qilinadigan umumiy energiyaning qariyb 70 foizi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 84 foizi, qishloq vrachlik punktlarida 88 foizi va maktablarda 97 foizi binolarni isitish uchun sarflanadi.

“Jamoat binolarining aksariyati 1970 va 1980-yillarda qurilgan va ularda energiya samaradorligiga katta e’tibor qaratilmagan. Ushbu inshootlarning issiqlik izolyatsiyasi qoniqarsiz darajada va ular harorat qulayligi standartlariga javob bermaydi. Bu binolarda energiya iste’moli yuqori darajada bo‘lgan eski qozonxonalar va suv isitish tizimlaridan foydalaniladi”, deyiladi JB xabarida.

Jahon bankining 2021 yilgi tadqiqotidan ma’lum bo‘lishicha, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar va sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali yiliga 7000 gigavatt-soatdan (GVt/soat) ortiq energiya tejalishi mumkin, shundan taxminan 6810 GVt/soati issiqlik va 240 GVt/soatdan ko‘prog‘i elektr energiyasi ko‘rinishida.

“Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu yangi loyiha butun mamlakat bo‘ylab jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga yordam beradi. Loyiha binolar sektorining o‘zgaruvchan iqlim sharoitlariga tayyorgarligini oshirish, energiya sarfini kamaytirish va atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilari chiqarishni qisqartirishga yordam beradi. Bu yaqinda qabul qilingan Jahon bankining mamlakat bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalardan biridir. Uning ustuvor yo‘nalishlari orasida milliy iqtisodiyotning ekologik barqaror o‘sishga o‘tishida O‘zbekistonga ko‘maklashish ham bor”, deydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Loyiha O‘zbekiston Energetika vazirligi va uning byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi (TEJ) tomonidan amalga oshiriladi. Jamg‘arma 2020 yilda iqtisodiy, ijtimoiy va turar-joy sohalarida investitsiyalarni jalb qilish va energiya samaradorligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan.

Loyiha doirasida TEJ mamlakat bo‘ylab qishloq va shaharlarda joylashgan maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash vazirliklari muassasalarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtiradi.

Loyiha ushbu jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ularning issiqlik izolyatsiyasi va isitish, ventilyatsiya, havo almashishi va yoritish tizimlarini takomillashtirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, tegishli muassasalardagi ko‘mir qozonlari qayta tiklanadigan energiya manbalariga asoslangan isitish va suv isitish tizimlariga almashtiriladi. Masalan, issiqlik nasoslari va quyosh kollektorlari bilan birlashtirilgan quyosh panellari o‘rnatilishi mumkin.

Loyiha doirasida qamrab olinadigan jamoat binolari yetarli darajada isitolmaslik yoki qizib ketishning oldini olish uchun milliy harorat qulayligi standartlariga mos keladigan tarzda modernizatsiya qilinadi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng yirik dasturlardan biridir. U 5,4 milliard dollarlik moliyaviy majburiyatlarga ega 29 ta loyihadan iborat. Loyihalar turli sohalarda davlat rejalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, muhim makroiqtisodiy islohotlar, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish, suv ta’minoti va kanalizatsiya, energiya samaradorligi, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, aholini ijtimoiy himoya qilish, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, innovatsiyalar, soliq va statistika tizimlarini isloh qilish yo‘nalishlarida.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon banki

Baholaganlar

23

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing