O‘zbekiston Jahon bankidan 200 mln AQSH dollari qarz ko‘tardi
Jamiyat
−
24 mart 8743 2 daqiqa
Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va sohada kompleks islohotlarni amalga oshirish uchun 200 million AQSH dollari ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, yangi loyiha doirasida Surxondaryo viloyatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “Avtoyo‘linvest” agentligi M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lining 91 km qismini rekonstruksiya qiladi. Ushbu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikasi va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Mavjud ikki qatorli yo‘l to‘rt qatorli avtomagistralga kengaytiriladi.
Rekonstruksiya yakunlangach, ushbu yo‘l qismidan har kuni qariyb 35 000 haydovchi va yo‘lovchi foydalanadi. Shuningdek, avtomagistralga yondosh hududlarda yashovchi taxminan 550 000 aholining transport xizmatlari va iqtisodiy imkoniyatlardan kengroq foydalanishini ta’minlaydi. Jumladan, biznesni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish nazarda tutilgan.
Loyiha yo‘l qoplamasi sifatini yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va avtobus bekatlarining qulayligini yaxshilash bo‘yicha qurilish ishlarini moliyalashtiradi. Shuningdek, suv toshqinlari xavfini kamaytirish uchun 180 ga yaqin ko‘prik va drenaj inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Ushbu chora-tadbirlar avtomobil yo‘lining rekonstruksiya qilinayotgan qismida yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlari sonini kamaytirishga va yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirishga (aholi punktlaridan tashqarida o‘rtacha tezlik 65 km/soatdan taxminan 90 km/soatgacha oshadi) hamda yo‘lovchi va yuk tashishning ishonchliligini oshirishga yordam beradi.
Loyiha, shuningdek, Transport vazirligiga multimodal tashuvlarni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishda yordam beradi. Ushbu strategiya transport xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat organlarining salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, loyiha doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘z biznes-jarayonlarini, jumladan korporativ boshqaruvni mustahkamlash, moliyaviy shaffoflikni oshirish, yo‘lovchi tashishni rejalashtirishni yaxshilash va ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) amaliyotlarini joriy etish orqali takomillashtirilishi aytilgan.
Live
Barchasi