Jahon banki O‘zbekistonga 46 mln dollardan ortiq qiymatdagi grantni ajratmoqda

Jamiyat

image

Jahon banki O‘zbekistonga 46 million 250 ming AQSH dollarlik grant mablag‘ini taqdim qilmoqchi. Bu tashkilotning “O‘zbekistonning energetika sohasini transformatsiya qilish uchun innovatsion uglerod resurslari” loyihasi doirasida amalga oshiriladi

Aytilishicha, Jahon bankining yangi ko‘p million dollarlik granti O‘zbekiston hukumatiga atmosferaga issiqxona gazlari emissiyasi (ishlab chiqarish)ni kamaytirishga, energiya resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirishga, shuningdek, xalqaro uglerod bozorlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishga yordam beradi.

Xususan, loyiha O‘zbekistonga “uglerod kreditlari”ni (CO2 tonna ekvivalentida o‘lchanadigan, issiqxona gazlari emissiyasi qisqartirilgan qismining miqdori) to‘plab borish va ularni xalqaro uglerod bozorlarida sotish imkonini beradi. Ushbu loyiha O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda Parij kelishuvi doirasidagi birinchi shunday xalqaro tashabbus bo‘lib, mamlakatga jahon uglerod bozori mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini beradi.

“Loyiha energetika sohasida issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish va O‘zbekistonda toza energiya ishlab chiqarishga o‘tish bo‘yicha katta salohiyatga ega. Uning doirasida tegishli institutlar, infratuzilma, tizimlar, jarayonlar, kasbiy-texnik salohiyat, shuningdek, Parij kelishuvida nazarda tutilgan uglerod bozori mexanizmlarida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar tayyorlanadi va sinovdan o‘tkaziladi. Loyiha tadbirlari mamlakatni kelajakda bunday tashabbuslarni yanada kengroq amalga oshirishga tayyorlaydi”, deydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Loyihani amalga oshirish doirasida 2028 yilgacha bo‘lib, har yili O‘zbekistonga energiya subsidiyalarini isloh qilish natijalari uchun rag‘batlantiruvchi tadbirlar sifatida grant mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan.

Prognozlarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish davrida O‘zbekiston emissiyalarni taxminan 60 million tonnaga qisqartirishi mumkin. Shundan taxminan 2-2,5 million tonnasi loyiha doirasida sotib olinadi. Qolgan uglerod birliklarini O‘zbekiston loyiha davomida ishlab chiqarilgan va sinovdan o‘tgan tizim hamda mexanizmlardan foydalangan holda xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturlardan biridir. Hozirgi vaqtda uning doirasida qiymati qariyb 6 mlrd dollarlik moliyaviy majburiyatlari bo‘lgan 29 ta loyiha amalga oshirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon banki grant

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing