Jahon banki O‘zbekistonga 100 mln dollar ajratdi. U nimaga sarflanadi?
Olam
−
17 may 8554 2 daqiqa
Jahon bankining Ijroiya direktorlar kengashi O‘zbekistonga 100 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Jahon bankining rasmiy saytida e’lon qilingan press-relizda so‘z boradi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mablag‘ mamlakatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr taqsimot tarmoqlariga integratsiya qilish va muhim hududlarda elektr ta’minotining ishonchliligini oshirishga qaratilgan dasturga yo‘naltiriladi.
Ushbu dasturni amalga oshirish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha 50 million dollar ajratadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Jahon banki O‘zbekistonda ilk bor “natijaga yo‘naltirilgan dastur” (Program-for-Results) moliyalashtirish mexanizmidan foydalanmoqda. Bu vosita Jahon bankining eng muhim davlat dasturlarini moliyalashtirishda qo‘llaniladi.
Bildirilishicha, sektor moliyaviy jihatdan zararli bo‘lib qolmoqda – xizmatlar uchun qarzdorlik va boshqa tijorat yo‘qotishlari mavjud. Bu esa davlat byudjetiga bosim qilmoqda.
Shuning uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ moliyaviy va operatsion islohotlarni amalga oshirmoqda.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakovaning aytishicha, bu yordam O‘zbekistonning infratuzilmasini modernizatsiya qilishga katta yordam ko‘rsatadi.
“Bizning moliyaviy ko‘magimiz O‘zbekistonning 2030 yilgacha taqsimot infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha davlat dasturiga hissa qo‘shadi. Bu dastur doirasida jami 3 milliard dollarlik investitsiya talab qilinadi. Umid qilamizki, boshqa xalqaro hamkorlar va xususiy investorlar ham bizning ortimizdan ergashadi”, degan Proskuryakova.
Ushbu dastur bo‘yicha kelgusi 5 yil davomida amalga oshiriladigan asosiy ishlar quyidagilardan iborat:
- 6 ming kilometr past kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish va modernizatsiya qilish;
- 1200 ta transformator (umumiy quvvati 250 MVA) o‘rnatish va yangilash;
- 150 ming dona “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatish – bu tijorat yo‘qotishlarini kamaytiradi;
- 4 mingta ma’lumot to‘plovchi qurilmalarni o‘rnatish – bu tarmoqlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi 800 million dollarlik moliyalashtirish paketini tasdiqlagan edi.
Live
Barchasi