Jahon banki kelgusida O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aytdi
Jamiyat
−
06 Oktabr 2023
9007O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 2023 yilda 5,5 foizga yaqinlashishi (iyun oyidagi prognozga nisbatan +0,4 foiz punkt) va o‘rta muddatli istiqbolda asta-sekin tezlashib, 2024 va 2025 yillarda mos ravishda 5,6 va 5,8 foizga yetishi mumkin. Bu haqda kecha, 5 oktyabr kuni e’lon qilingan Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyoti bo‘yicha hisobotida keltirilgan.
Prognozga ko‘ra, 2023 yilda Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmining pasayishi fonida iste’mol darajasining o‘sishi ham kamayadi. Ayni paytda pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishi bilan mamlakatning joriy hisobi defitsiti birinchi yarim yillikda 6,3 foizga yetgan va bu o‘sishda davom etishi aytilmoqda.
Energetika sohasiga yuqori xarajatlar, davlat sektorida ta’lim, ish haqi, pensiya va nafaqalarga ko‘proq xarajatlar hamda byudjet daromadlarining kamayishi hisobiga 2023 yilda byudjet taqchilligi YAIMning 5 foizigacha oshishi mumkin.
“Byudjet taqchilligini 2024 yilda YAIMning 4 foizigacha va 2025 yilda 3,6 foizigacha kamaytish bilan hukumat o‘rta muddatli istiqbolda byudjetni konsolidatsiya qilishi kutilmoqda. Bu davlat korxonalari uchun soliq imtiyozlarining kamayishi, energetik subsidiyalar xarajatlarining pasayishi va davlat aktivlarini xususiylashtirish tufayli moliyaviy tushumlarning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘ladi”, deyiladi hisobotda.
Shuningdek, Hukumat tashqi qarz olish bo‘yicha o‘z cheklovlariga rioya qilishi kutilmoqda. Shunga qaramay, davlat qarzi 2023 yilda yalpi ichki mahsulotning 36 foizigacha o‘sgan va 2024 yilda 36,6 foizni tashkil etadi.
O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya dasturlari kengayganiga qaramay, pul o‘tkazmalari va shaxsiy iste’mol o‘sishining sekinlashishi kambag‘allikni kamaytirishda kutilayotgan yutuqlarni cheklashi mumkin. 2023 yilda kambag‘allik darajasi 13,9 foizgacha kamayishi ehtimoli mavjud.
Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi, yuqori tashqi inflyatsiya bosimi va kutilganidan qattiqroq global moliyaviy sharoit ushbu kutilmalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Iqtisodiyot uchun potensial ijobiy tendensiyalar qatoriga O‘zbekistonning asosiy eksport mahsulotlari – oltin, tabiiy gaz va mis narxlarining ko‘tarilishi hamda ishlab chiqarishning jadalroq o‘sishi kiradi.
LiveBarchasi