Jahon banki O‘zbekistondagi islohotlar uchun 800 mln dollar ajratmoqchi
Jamiyat
−
04 Oktabr
1884Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi 800 million dollarlik moliyalashtirish paketini tasdiqladi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu islohotlar mamlakatning inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirishga qaratilgan. Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumatning tarkibiy islohot dasturi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
- qishloq xo‘jaligi;
- temiryo‘l va energetika sohalarida samaradorlikni oshirish;
- davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish;
- ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- mamlakatning atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarga tayyorligini oshirish.
Ushbu mablag‘lar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida mavjud bo‘lgan qarz olish opsiyalaridan pastroq foiz stavkalari va uzoqroq muddatlarda taqdim etiladi. Bu O‘zbekistonga muhim moliyaviy resurslarni tejashga yordam beradi, bu mablag‘lardan dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda foydalaniladi. Jahon bankining moliyalashtirishi hukumatga tuzilmaviy islohotlar dasturini amalga oshirishda yordam beradi. U quyidagi sohalarda aniq natijalarga erishishni nazarda tutadi:
1. Ijtimoiy himoya tizimi: Fuqarolarning ayrim toifalari uchun ishsizlik, kasallik va onalik nafaqalari qamrovini kengaytirish.
2. Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurash: Oilaviy va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarining huquqlarini yanada samarali himoya qilish uchun huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish.
3. Fermerlarning qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini ta’minlash: Ushbu huquqlarga rioya etilishini kafolatlash mexanizmlarini ishlab chiqish. Ularning qonunchilikka kiritilishi fermerlarni yanada samarali dehqonchilik usullariga sarmoya kiritishga undaydi. Bu, o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshiradi.
4. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash: investorlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishni kafolatlovchi qonunchilikni ishlab chiqish. Shuningdek, investorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, katta hajmdagi xorijiy va mahalliy sarmoyalarni jalb qilish uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.
5. Davlat moliyasini boshqarish: fiskal risklar haqida hisobot berish mexanizmlarini ishlab chiqish va davlat xaridlarini boshqarishni takomillashtirish. Ushbu chora-tadbirlar byudjet mablag‘laridan foydalanishda shaffoflik va samaradorlikni oshiradi.
6. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash: Iqlim o‘zgarishiga hissa qo‘shadigan havo chiqindilarini kamaytirishni rag‘batlantiradigan qonunchilikni ishlab chiqish. Ushbu qonunchilik, shuningdek, iqtisodiyotning energiyani ko‘p talab qiladigan tarmoqlarida energiya samaradorligini rag‘batlantirishga qaratilgan.
7. Suv resurslarini boshqarish: Suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va suv yetkazib beruvchilar hamda foydalanuvchilarning mas’uliyatini kuchaytirish uchun institutsional va huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish. Bu chora-tadbirlar, shuningdek, sohaga davlat sarmoyasini jalb qilish va qo‘shni davlatlar bilan kelishilgan holda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish imkonini beradi.
8. Atrof-muhit va iqlimga ta’sirni baholash: Iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit omillari va havo ifloslanishining iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, shuningdek, odamlar salomatligi va farovonligiga ta’sirini baholash bo‘yicha hokimiyatning salohiyatini rivojlantirish. Bu atrof-muhitni muhofaza qilish, jumladan, havo, tuproq, yer usti va er osti suvlari, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi salohiyatni rivojlantirishga ham tegishli.