Jahon harbiy xarajatlari rekord darajaga yetdi

Olam

image

2022 yilda butun dunyoda qurol-aslaha xarajatlari 3,7 foizga oshib, 2,24 trillion dollarni tashkil etdi.  Yevropada esa o‘sish 30 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu haqda bugun, 24 aprel kuni Stokgolm Xalqaro Tinchlik Tadqiqot Instituti (SIPRI) tomonidan e’lon qilingan hisobotda ma’lum qilindi. 

Aytilishicha, AQSH, Xitoy va Rossiya eng ko‘p mablag‘ sarflagan mamlakatlar uchligini tashkil etadi. Butun dunyodagi qurol-yarog‘ xarajatlarining 56 foizi shu uch mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Ukrainadagi vaziyat va Sharqiy Osiyodagi keskinlik mazkur harajatlarning ortishiga asosiy sabab bo‘lgan. 

Yevropada esa harbiy xarajatlarning o‘sishi 13 foizni tashkil etdi. Bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush bilan bevosita bog‘liq. Ukrainaga ko‘rsatilgan yordam va Rossiya Federatsiyasi tomonidan tahdid kuchaygani haqidagi xavotirlar boshqa mamlakatlarni harbiy byudjetlarini qayta ko‘rib chiqishga va ularni oshirishga majbur qilgan.

“So‘nggi yillarda global harbiy xarajatlarning uzluksiz o‘sishi biz tobora xavfli dunyoda yashayotganimizdan dalolat beradi. Davlatlar yaqin kelajakda yaxshilanishini kutmagan xavfsizlik muhitining yomonlashuviga javoban harbiy qudratini kuchaytirmoqda”, deydi SIPRI’ning harbiy xarajatlar va qurol ishlab chiqarish dasturining katta tadqiqotchisi, doktor Nan Tyan.

Hisobot mualliflarining qayd etishicha, Markaziy va G‘arbiy Yevropa davlatlarining harbiy xarajatlari Sovuq urush darajasiga qaytgan. Markaziy Yevropada ular o‘tgan yili 345 milliard dollarni tashkil etgan va birinchi marta 1989 yildagi ko‘rsatkichdan oshib ketgan. Bu 2013 yilga xarajatlardan 30 foizga yuqori hisoblanadi. Ba’zi davlatlar allaqachon mudofaa xarajatlarini oshirgan, boshqalari buni o‘n yil ichida amalga oshirish niyatida ekanini e’lon qilgan. Harbiy xarajatlarning eng keskin o‘sishi Finlyandiya (36 foiz), Litvada (27 foiz), Shvetsiya (12 foiz) va Polshada (11 foiz) qayd etilgan.

Rossiya, AQSH va Ukraina tomonidan xarajatlar

AQSH harbiy xarajatlari eng yuqori bo‘lgan davlat bo‘lib qolmoqda. 2022 yilda ular 877 milliard dollarni tashkil etdi, bu jahon hajmining 39 foiziga va reytingda ikkinchi o‘rinni egallagan Xitoyning harbiy xarajatlaridan uch baravar ko‘pdir. Hisobot mualliflarining qayd etishicha, agar 1981 yildan buyon eng yuqori darajaga yetgan inflyatsiya bo‘lmaganida, AQSH xarajatlarining 0,7 foizini tashkil etgan o‘sishi bundan ham kattaroq bo‘lar edi.

“AQSH harbiy xarajatlarining 2022 yilda ortishi, asosan, Ukrainaga misli ko‘rilmagan miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatishi bilan bog‘liq. AQSH xarajatlari darajasini hisobga olsak, hatto kichik foiz o‘sishi ham jahon harbiy xarajatlari darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi”, deydi Nan Tyan.

2022 yilda AQSHning Ukrainaga harbiy yordami 19,9 milliard dollarni tashkil etdi. Bu Sovuq urush tugaganidan beri bir mamlakatga ajratilgan eng katta mablag‘ bo‘lsada, bu AQSH umumiy harbiy xarajatlarining atigi 2,3 foizini tashkil qiladi. O‘tgan yili AQSH harbiy amaliyotlar uchun 295 milliard dollar, qurol sotib olish, tadqiqot va ishlanmalar uchun 264 milliard dollar va xodimlar uchun 167 milliard dollar va’da qilgan.

Rossiyada esa harbiy xarajatlar 2022 yilda 9,2 foizga oshib, qariyb 86,4 milliard dollarni tashkil etgan, bu yalpi ichki mahsulotning 4,1 foiziga to‘g‘ri keladi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich YAIMning 3,7 foizini tashkil qilgan edi. Hisobot mualliflari 2022 yil uchun Rossiya bo‘yicha ma’lumotlarning noaniqligini taxmin qilmoqda.

Ukrainaning harbiy xarajatlari esa 2022 yilda 44,0 milliard dollarga yetgan. Bu SIPRI ma’lumotlarida qayd etilgan mamlakat harbiy xarajatlarining bir yillik eng yuqori o‘sishi (640 foizga) bo‘lgan. Harajatlar ortishi va urush oqibatida Ukraina iqtisodiyotiga yetkazilgan zarar natijasida, harbiy yuk YAIMning 34 foizigacha ko‘tarilgan.

Boshqa mamlakatlar

2022 yilda NATOga a’zo davlatlarning umumiy xarajatlari 1,232 trillion dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,9 foizga ko‘pdir. Markaziy va G‘arbiy Yevropada Buyuk Britaniya eng ko‘p harbiy xarajatlarga ega bo‘lgan – 68,5 milliard dollar, shundan 2,5 milliard dollar (3,6 foiz) Ukrainaga yordam uchun sarflangan.

Osiyo va Okeaniyada jami harbiy xarajatlar 575 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2021 yilga nisbatan 2,7 foizga va 2013 yilga nisbatan 45 foizga ko‘p.

Harbiy xarajatlar bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi Xitoy o‘tgan yili harbiy ehtiyojlar uchun 292 milliard dollar ajratdi. Bu 2021 yilga nisbatan 4,2 foizga, 2013 yilga nisbatan 63 foizga ko‘pdir. 

Yaponiyaning harbiy xarajatlari 2021 yildan 2022 yilgacha 5,9 foizga oshib, 46 milliard dollarni yoki YAIMning 1,1 foizini tashkil qildi. Bu 1960 yildan beri bu eng katta o‘sishdir.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Xitoy Ukraina harbiy xarajatlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing