Endi Ukrainada ham mahbuslar urushga safarbar qilinadi
Olam
−
18 may
3807Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 17 may kuni mahbuslarni safarbar qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Oliy Rada saytida ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Ukrainadagi ayrim toifadagi sudlanganlar va mahkumlar harbiy holat davriga shartnoma asosida ixtiyoriy ravishda armiya safiga qo‘shilishlari mumkin bo‘ladi. Buning uchun ular shartli ozodlikka chiqish huquqiga ega bo‘ladi, ammo hamma ham armiyaga safarbar qilinmaydi. Bunday qaror sud tomonidan qabul qilinadi.
Ukraina Mudofaa vazirligi safarbar qilingan mahbuslar maxsus kuchlarda xizmat qilishini tushuntirdi. Ularni ro‘yxatga olish uchun harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi va bunday jangchilarni qabul qilish uchun qo‘mondonning roziligi talab qilinadi.
Bildirilishicha, milliy xavfsizlikka qarshi jinoyatlar, ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish, jinsiy erkinlik va jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar, o‘ta og‘ir korrupsiya jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar armiya safiga safarbar etilishi mumkin emas.
Ukraina Adliya vaziri o‘rinbosari Yelena Visotskayaning so‘zlariga ko‘ra, besh mingga yaqin mahkum shartli ozodlik evaziga harbiy xizmatga borishga tayyor. O‘z navbatida, Ukraina Adliya vazirligi rahbari Denis Malyuska BBC'ga bergan intervyusida "o‘ndan yigirma minggacha" mahbuslarni safarbar qilish mumkinligini aytdi.
Jurnalistlarning Rossiya koloniyalaridan mahbuslarni jangovar zonaga jo‘natish bilan qandaydir o‘xshashlik bormi, degan savoliga Malyuska shunday javob berdi:
"Albatta, o‘zimizni aldashning hojati yo‘q, ammo biz hali ham yondashuvlardagi farq haqida gapiramiz. Ular uchun bu majburiy safarbarlik edi, hamma ketishga majbur bo‘ldi, hech kim tayyorlanmadi, tayyorgarliksiz bu shunchaki "go‘sht" edi”.
Mahkumlarni safarbar qilish to‘g‘risidagi qonun Oliy Rada tomonidan 2024 yil 8 mayda qabul qilingan. 11 aprel kuni Ukraina parlamenti deputatlari “Safarbarlik to‘g‘risida”gi qonunga, jumladan, harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi o‘zgartirishlarni ma’qullagan.