Jeenbekov Xitoy-O‘zbekiston temir yo‘lini Yevropa va Osiyoning bog‘lanishi deb atadi
Olam
−
24 Sentabr 2020
5833Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishini “Osiyoni Yevropa bilan bog‘lash”, deb e’tirof etdi. Bu haqda davlat rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasidagi nutqida gapirgan.
Prezidentga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublikasi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikka alohida ahamiyat beradi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar jadal rivojlanmoqda. Mavjud muammolarni hal qilish uchun biz eng yuqori darajada mintaqaviy muloqot maydonchasida faol ishtirok etamiz”, deydi Jeenbekov.
Qirg‘iziston rahbarining alohida urg‘ulashicha, Markaziy Osiyo xalqlari farovonligini oshirish maqsadida iqtisodiy hamkorlikdagi to‘siqlarni bartaraf etish asosiy vazifalardan biridir.
“Transport-kommunikatsiya yo‘laklari, logistika markazlari va terminallar tizimini rivojlantirish hayotiy ahamiyatga ega. Biz qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlarini qayta tiklashimiz kerak. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi va ishga tushirilishi Osiyoni Yevropa bilan bog‘lashdagi muhim hissamiz bo‘ladi”, deydi Jeenbekov.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston va Xitoy rasmiylari "O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy" temir yo‘l qurilishi loyihasinini muhokama qilgandi. Unda "O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy" temir yo‘li qurilishi loyihasini ro‘yobga chiqarish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlanib, ushbu temir yo‘l "Bir makon, bir yo‘l" loyihasi doirasida eng muhim transport koridoriga aylanishi mumkinligi aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham kecha, 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasidagi nutqida oxirgi to‘rt yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi salkam besh barobarga o‘sganini e’tirof etib, bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turganini qayd etgandi.
Prezident Mirziyoyev mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlash, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif qildi.
LiveBarchasi