Zelenskiyni mukofotdan mahrum qilish kerak – Navrotskiy

Olam

image

Polsha Prezidenti Karol Navrotskiy Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni mamlakatning eng yuqori davlat mukofoti – “Oq burgut” ordenidan mahrum qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.

Bunga Zelenskiyning Ukraina maxsus kuchlarining bir bo‘linmasiga Ikkinchi jahon urushi davrida polyaklar qatlida ishtirok etgan deb hisoblanuvchi Ukraina Qo‘zg‘olonchilar Armiyasi (UPA) nomi bilan bog‘liq “UPA qahramonlari” nomini berish haqidagi qarori sabab bo‘lgan. Ukrainada ayrim millatchilar UPAni Sovet Ittifoqi va fashistlar Germaniyasiga qarshi kurashgan qahramonlar sifatida ko‘rsa, Polsha bu tashkilotni 1943–1945 yillarda Volin hududida taxminan 100 ming polyakning o‘limi uchun aybdor deb hisoblaydi.

Zelenskiyning qaroriga munosabat bildirgan Navrotskiy bu holatdan “g‘azablanganini” aytgan va Zelenskiyni “Oq burgut” ordenidan mahrum qilishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur mukofot bo‘yicha maxsus kengash 8 iyun kuni yig‘ilish o‘tkazadi.

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk ham Ukraina rahbarining qarori “polyaklarning tarixiy xotirasiga og‘riq yetkazishi” va ikki davlat munosabatlari nuqtai nazaridan tashvishli ekanini ta’kidlagan. Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi, Polshada kommunistik tuzum qulashida muhim rol o‘ynagan Lex Valensa esa, norozilik sifatida Ukraina bayrog‘i tushirilgan nishonni taqishdan voz kechganini ma’lum qilgan.

“UPA a’zolarini sharaflash orqali Ukraina prezidenti meni va qirg‘in qilingan vatandoshlarimizni haqorat qildi”, deb yozgan Valensa ijtimoiy tarmoqda.

Polsha 2022 yildan beri Rossiyaga qarshi urushda Ukrainaning eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lib kelmoqda. Sobiq prezident Andjey Duda 2023 yilda Zelenskiyni Polshaning eng yuqori davlat mukofoti – “Oq burgut” ordeni bilan taqdirlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kiyev shahar sudi Vladimir Zelenskiy idorasining sobiq rahbari Andrey Yermakni 140 million grivna (taxminan 3,1 million dollar) garov evaziga ozod qilish imkoniyati bilan 60 sutkalik qamoq jazosiga hukm qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Pol'sha Vladimir Zelenskiy Karol' Navrotskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing