Zelenskiydan Putinga “salom”. Rossiya devori darz ketdi
Tahlil
−
12 avgust
23480900 kun. Zamonaviy dunyoda bir urush va uning davom etishi uchun juda uzoq muddat. Bu Rossiya Ukrainaga bostirib kirish sanasining kichik yubileyidir. Ammo mazkur yubileyni nishonlash ruslarga emas, balki bosqindan juda uzoq vaqtdan buyon azoblanib kelayotgan ukrainlarga nasib qildi. Gap shundaki, ortda qolgan kunlarda Kiyev urush boshidan to bugungacha bo‘lgan davrdagi eng jiddiy va irodali qarorga qo‘l urdi. Ukraina harbiylari Rossiya chegarasini buzib, mamlakat hududiga qarshi hujum uyushtirdi va Rossiya boshlagan hujumni o‘zining hududiga irg‘itib yubordi. Yaqin va uzoq o‘tmishda so‘nggi bor bunday ishni Napoleon Bonapart va Adolf Gitler amalga oshirgandi. Endi esa rus bosqinidan 2.5 yildan buyon aziyat chekib kelayotgan Ukraina. Tarixiy qaror ketidan nishonga olingan hudud esa Rossiyaning Kursk viloyatidir.
Qulagan chegara devori
6 avgustga o‘tar kechasi Ukraina Rossiyaning Kursk viloyatini o‘qqa tuta boshladi. Stryker zirhli transport vositalari Ukraina Qurolli Kuchlari uchun yo‘lni tozaladi va harbiylar Kursk viloyatining Sudja shahri yaqinidagi chegarani kesib o‘tdi. Ukraina Qurolli kuchlarining uchta tanki Goncharovka aholi punkti va Kurilovka qishlog‘i yo‘nalishida oldinga siljib bordi. Ukraina kuchlari Oleshnya va Nikolayevo-Darino chegarachilariga hujum qilgan. Ukrainaning kutilmagan bu zarbasiga qarshi Rossiya o‘zining Aerokosmik va Federal Xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari bilan kurash olib bordi. Qo‘shimchasiga esa Ukrainaning Sumi viloyatiga havo zarbalari ham berilgan. Ilk soatlardagi to‘qnashuvda rossiyalik harbiy xizmatchilar, jumladan, muddatli harbiy xizmatchilar asirga olingan. Ammo bu faqatgina 6 avgustda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar edi, xolos. Hujumning ikkinchi kunida Ukraina qo‘shinlari Kursk viloyatida mustahkam o‘rnashib olishga ulgurdi. Ular muddatli harbiy xizmatchilar turgan Nikolayevo-Darino, Darino va Sverdlikovoni egallab oldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari zaxiralarni mazkur hududlarga o‘tkazib, bir kechada ikkita yangi batalonni jangga tashlagan. 7 avgust kuni oxirlab qolganda Rossiya Kursk viloyatining 350 km² lik hududi ustidan nazoratni butunlay yo‘qotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ukraina Qurolli kuchlari Gornal va Kurilovka aholi punktlarini, shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda esa Leonidovo va Lyubimovkani, shuningdek, Zelyoniy Shlyax qishlog‘ini ham egallab oldi. Shu kuni ukrainalik harbiylar hujumning eng asosiy o‘chog‘i – Sudja shaharchasiga kirdi. Shahar meri aholi evakuatsiya qilinishini e’lon qildi. Ukraina Qurolli kuchlari Sudja gaz o‘lchash stansiyasini egallab, boshqa bir tuman markazi – Korenevo shahriga ham kirib bordi. Rossiya va Ukraina urushidagi 2024 yilning 7 avgusti mana shunday yakunlandi. Ukrainlar 2 kun ichida Rossiya hududida juda mustahkam o‘rnashdi. Ertasi kuni tongda esa ukrainaliklar Sudjaning g‘arbiy qismi va uning atrofidagi yo‘llarni nazorat ostiga olishni boshladi. Yo‘lida ravon va juda tez odimlagan Ukraina kichik armiyasining alohida guruhlari Ivnitsa va Anastasevka aholi punktlariga ham yetib keldi. Bu esa ularning Qurolli kuchlar chegarasidan 23-26 km masofagacha yorib kirganini anglatardi. 80 yildan buyon chegarasini birorta begona davlat harbiysi kesib o‘tmagan Rossiya esa hujumga quyidagicha javob berdi.
8 avgust kuni Afrika qit’asida sarson bo‘lib yurgan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi bo‘linmalari Malidan qaytishi va Kursk viloyatiga ko‘chirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Mintaqaga “Pyatnashka” xalqaro brigadasi ham yetib keldi. Biroq 9 avgustda ruslarning mudofaa kuchlari dahshatli voqea bilan yuzlashdi. Shu kuni kechki payt Kursk viloyatining Rilskiy tumanidagi Oktyabrskoye qishlog‘ida rus texnikasining juda yirik kolonnasi yo‘q qilindi. Piyoda askarlarni olib ketayotgan kamida 14 ta KamAZ va Ural harbiy mashinalari hujumga uchradi. Ukraina Qurolli kuchlari Amerikaning HIMARS raketalari bilan hujum qilgani taxmin qilindi. Xavfsizlik kuchlariga yaqin bo‘lgan kanallarning xabar berishicha, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati vayron bo‘lgan karvonni videoga olgan qishloq fuqarosini qo‘lga olgan va uni Ukraina foydasiga josuslikda ayblagan. Kunning ikkinchi yarmida Mudofaa vazirligi boshqa bir harbiy karvonni Belgorod viloyatidan Sudjansk viloyatiga o‘tkazish to‘g‘risidagi hisobotni e’lon qildi. Tahlilchilar fotosuratlarga asoslanib, Rossiya qo‘mondonligi Xarkov viloyati shimolidagi janglarda qatnashgan yoki jangga tayyorgarlik ko‘rayotgan qo‘shinlarni Kursk viloyatiga o‘tkazayotganini taxmin qildi. The Insider nashrining yozishicha, janglarning to‘rtinchi kuni yakunlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari harakat qiladigan uchta tezkor yo‘nalish allaqachon shakllangan: Korenevo orqali Rilskgacha; Lgov va Rylsk – Kursk magistraliga; Sudjaning shimoli-sharqidagi magistral bo‘ylab Kurskgacha bo‘lgan yo‘nalishlardir. 4 kun uchun yomon natija emas. Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Rossiya tanklari Ukraina Qurolli kuchlarining mintaqaga chuqurroq kirib kelishini oldini olish uchun Kursk viloyatining “chegara hududi”ga yetib kelgan. Mudofaa vazirligi 10 avgust kuni ertalabki hisobotida chegaradan 20 km uzoqlikda Ukraina Qurolli kuchlari borligini tan oldi. Shu kuni Rossiya Qurolli kuchlari Sudjaning sharqida joylashgan Martinovka qishlog‘i ustidan nazoratni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Ukraina qo‘shinlari esa Korenevo uchun kurashni davom ettirdi. Oradan bir kun o‘tib, 11 avgustning dastlabki soatlarida Ukraina Qurolli kuchlari Sudjanskiyning janubi-sharqida joylashgan Belovskiy tumaniga kirib keldi. Belovskiy tuman rahbari va gubernator vazifasini bajaruvchi mas’ul ham buni tasdiqlagan. U hududdan evakuatsiya qilinganlarga qaytib kelmaslikni tavsiya qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi qarshi hujumning ilk kuni 6 avgust oqshomida Ukraina Qurolli kuchlarining kamida 400 nafar harbiy xizmatchisi, 11 ta tanki va 20 ta zirhli jangovar texnikasi Rossiya-Ukraina chegarasini kesib o‘tganini ma’lum qildi. Qarshi hujumning dastlabki kunlarida ba’zi manbalar Kurskda 800 dan ortiq ukrain harbiylari jang olib borayotganini taxmin qilgan bo‘lsa, Forbes’ga ko‘ra bu raqam hatto 10 minggacha bo‘lishi mumkin. Ammo Kiyev rasmiylarining aniqlikdan qochishga harakat qilib bergan bayonotlariga ishonadigan bo‘lsak, Rossiya hududida ayni damda minglab harbiy harakatlanmoqda. Shuningdek, mojaro davomida ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainaning Kurskka yuborgan harbiy bo‘linmasi orasida gruziyalik va polshalik yollanma askarlar harbiy harakatlarda ishtirok etayotgani haqida ma’lumotlar ham yo‘q emas.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyaning Kursk viloyatiga kelgan rezervlari Ukraina tuzilmalarining oldinga siljishini ayni damda ma’lum darajada to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo Bosh qo‘mondon Gerasimov Prezident Putinga hujum avvalida ham shunday mazmundagi hisobot taqdim qilgan, biroq keyinchalik vaziyat butkul boshqacha ekanligi ma’lum bo‘lgandi.
Kremldan reaksiya. Kiyevdan “bosiq” munosabat
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin rasmiy Kiyevning chegara hududdagi bu hujumini provokatsiya deb atadi. U bu masala bo‘yicha hujumning dastlabki kunlarida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi va bosh shtab rahbari Gerasimovning yupatuvchi yolg‘onlarini tingladi. Urushning to‘rtinchi kunida ruslar Ukraina hududidagi fuqarolik ob’ektlarini nishonga olish yo‘liga o‘tdi. Rossiya armiyasi Ukrainaning Kurskga hujumiga javoban 9 avgust kuni Donetsk viloyatining Konstantinovka shahridagi supermarketga raketa zarbasi yo‘lladi. Ukraina nashrlariga ko‘ra, zarba “Ekomarket” do‘koniga kelib tushgan. Zarba oqibatida 9 kishi halok bo‘lgan, 26 kishi yaralangan. Supermarketdan tashqari, 4 ta xususiy uy, 9 ta do‘kon, avtomobil yuvish shoxobchasi, “Nova pochta” bo‘limi, savdo pavilonlari va 12 ta avtomashina zarar ko‘rgan. Biroq yuqoridagi sonlar Ichki ishlar vazirligi bergan raqamlardan farq qiladi. Vazirlikka ko‘ra, hujumda 10 kishi halok bo‘lgan va 35 kishi yaralangan. Kurskda esa vaziyat borgan sari chigallashmoqda. Forbes urushning borishi va keyingi qadamlarni rus armiyasining qo‘shimcha kuchlari yoki Ukraina hududidan qaytarilib Kurskka tashlanish imkoniyatlari bilan bog‘lamoqda. Nashrga ko‘ra, Kurskka eng yaqin chegara chizig‘idagi Rossiya qo‘shinlarining shimoliy guruhida 48 mingga yaqin harbiy mavjud, ammo ular ayni paytda Kurskdagi jang hududidan taxminan 150 km uzoqlikda joylashgan. Biroq zaxiralar masalasida jiddiy qiyinchiliklar yo‘qdek nazarimizda. Sababi ayni damda Kurskdagi qaynoq frontda Rossiya tarkibida Qodirovning “Axmat” jangchilari borligi tasdiqlandi. Ukraina hujumidan so‘ng Checheniston bo‘linmasi darhol Kurskda hozir bo‘lgan. Avtonomiya yetakchisi Ramzan Qodirov o‘z askarlari hozirda frontda ekanligi va 2-3 kunda yaxshi xabar bo‘lishini va’da berdi.
Ammo ortda qolgan kunlardagi real vaziyat va Kiyev rasmiylarining dadilligi Qodirovning Rossiya uchun “yaxshi xabar” haqidagi umidini puchga chiqaradigandek taassurot uyg‘otmoqda. Rossiya chegarasini yorib o‘tish va u yerdagi hududlarni birin-ketin egallash fonida Rasmiy Kiyev o‘z ritorikasini bosqichma-bosqich o‘zgartirib bordi. Dastlab Kurskda sodir bo‘layotgan voqealarga izoh bermay kelayotgan Prezident Vladimir Zelenskiy bu sukunatni 8 avgustda qisman buzib, kechki murojaatida mazkur hududdagi janglar haqida og‘iz juftladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya shu choqqacha Ukrainaga nisbatan qilgan zo‘ravonliklarining og‘rig‘ini endi o‘z tanasida his qiladi.
“Rossiya bizning yerimizga urush olib kelib, nima qilganini his qilishi kerak. Men Ukraina pozitsiyalarini himoya qilishni va mudofaa vazifalarimizning bajarilishini ta’minlaydigan har bir jangchi, askar va qo‘mondondan minnatdorman. Ukrainaliklar o‘z maqsadlariga qanday erishishni bilishadi”, deydi Zelenskiy.
Zelenskiyning ushbu murojaatidan ikki kun o‘tib, 10 avgustdagi chiqishi esa vaziyatni yanada ochiqladi. Shu kuni Vladimir Zelenskiy birinchi marta hujumni to‘g‘ridan to‘g‘ri tan oldi va Ukraina urushni “bosqinchi hududiga” itarib yuborayotganini aytdi. U Ukraina Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiydan “urushning tajovuzkor hududga o‘tkazilishi” haqida hisobot olganini ma’lum qildi. Ukraina yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar Kiyevning “adolatni tiklash” va Rossiyaga kerakli bosim o‘tkazish qobiliyatini isbotlaydi. U Ukraina jangchilariga yana bir bor minnatdorchilik bildirib, Rossiyadagi operatsiyani mamlakat oliy harbiy qo‘mondoni general Aleksandr Sirskiy bilan muhokama qilganini aytdi. Biroq Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalarining Kursk viloyatidagi hozirgi holati va Ukraina harbiylarining keyingi rejalari haqida hech qanday ma’lumot bermadi. Ukrainaning turli doiralardagi rasmiylari bu hujumning juda muhim ekanligi va mazkur harakat urushning yakuni uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda.
“Biz hujumdamiz. Maqsad – dushmanni maksimal yo‘qotishlarga duchor etish va Rossiyada vaziyatni beqarorlashtirish, chunki u o‘z chegarasini himoya qila olmayapti”, dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan rasmiy.
Xususan, Oliy Rada deputati Oleksey Goncharenkoning so‘zlariga ko‘ra, Kurskga qilingan hujum Ukrainaning yuzta tinchlik sammitidan ko‘ra tezroq tinchlikka erishishiga yordam beradi.
Rossiya chegarasini yorishdan maqsad
Kursk viloyatiga qilingan hujumni tahlilchilar turlicha talqin qilmoqda. Har bir siyosiy ekspert bu hujumdan Ukraina qanday maqsadni ko‘zlagani haqida o‘z versiyalarini taqdim qilyapti. Tahlillarga ko‘ra hozirda asosiy 5 ta maqsadni ajratib ko‘rsatish mumkin. Bular, tinchlik muzokaralari uchun pozitsiyani yaxshilash, Rossiyani Donbass va boshqa frontlardan chalg‘itish, Sudjadagi Yevropaga gaz yetkazib berish stansiyasini yo‘q qilish, askarlarning ruhiy holatini yaxshilash va Tramp omili kabi versiyalardir.
So‘nggi paytlarda Rossiyaning Donbassdagi harakatlari va frontda dadil tarzda oldinga siljishining guvohi bo‘layotgandik. Bu o‘rinda esa Kurskda rasmiy Kiyev tomonidan yangi front ochilishini Rossiya qo‘mondonligi e’tiborini Donbassdan chalg‘itishga va Rossiya Qurolli kuchlarining Avdeyevka g‘arbidagi oldinga siljishini sekinlashtirishga urinishi sifatida baholash ma’lum ma’noda haqiqatga yaqin. Ko‘plab tahlilchilar ayni shunday fikrni ilgari suryapti. Ular Kursk hujumi Rossiya kuchlarini Ukraina sharqidan uzoqlashtirishga majburlash va Ukraina mudofaasidagi bosimni yumshatishga qaratilgan harakatning bir qismi ekanligini takrorlashmoqda. Ammo ukrainalik rasmiylar buni rad etdi. Mulozimlarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukraina sharqidagi hujumlari Kursk voqeasi sodir bo‘lmasdan oldin ham ancha sustlashgan.
Keyingi taxmin esa bevosita ruhiy ustunlik bilan bog‘liq. Loui instituti tadqiqot guruhi tadqiqotchisi Mik Rayanga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyati hududiga bostirib kirishidan maqsad ukrainaliklarning shijoatini oshirishdir. CNN’ning fikricha, Kursk viloyatidagi muvaffaqiyatli reyd Ukraina qo‘mondonligiga frontlardagi qiyinchiliklar sharoitida harbiylar va tinch aholining ruhiy holatini saqlab qolishga yordam berishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalarida operatsiyaning mumkin bo‘lgan maqsadlari orasida Rossiyadan Yevropaga gaz eksport qilinadigan yagona quvurning bir qismi bo‘lgan Sudja gaz o‘lchash stansiyasini yo‘q qilish bo‘lishi mumkin. Bunday tushunarsiz va asossiz taxmin Washington Post nashri tomonidan ilgari surildi. Biroq operatsiyaning bunday maqsadi biroz g‘alati, chunki bu quvurning katta qismi Rossiya qo‘shinlari tomonidan nazorat qilinmaydigan Ukraina hududidan o‘tadi. Kiyev esa istalgan vaqtda uni blokirovka qilish uchun texnik imkoniyatlarga ega. Bunday ishni amalga oshirish uchun ukrainaliklar Sudjaga bostirib kirishi shart emas. Bundan tashqari, o‘z hamkorlarini gaz bilan ta’minlaydigan tomirni uzish va ularning qahriga uchrash Kiyev uchun yaxshi o‘ylangan reja bo‘lmaydi.
Keyingi omil esa bu – Tramp. 2022 yildan buyon Sharqiy Yevropadagi mojaroda Ukrainaning urushni tugatish va unda g‘alabaga erishishi uchun aniq chegaralangan muddat mavjud emas edi. Ammo bugun ana shunday vaqt limiti shakllanish ehtimoli paydo bo‘ldi. Bu 2025 yilning 20 yanvari. Gap AQSHdagi prezidentlik saylovi va uning ehtimoliy natijalari haqida ketyapti.Sobiq AQSH Prezidentining saylovoldi kompaniyasidagi oldinga siljishi Ukraina rasmiy doiralari uchun jiddiy muammo tug‘dirdi. Respublikachilar va ularning nomzodi Donald Tramp Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga nisbatan Kiyevga yoqadigan pozitsiyada emas. Moliyaviy yordamlar, harbiy qo‘llov va boshqa ko‘maklar bo‘yicha Zelenskiy katta ehtimol bilan Trampdan o‘zi xohlagan narsani ola olmaydi. Buni hatto Tramp tomonidan vitse-prezidentlik uchun tanlangan J.D Vens ham turli ko‘rinishlarda tasdiqlab kelmoqda. Ukraina uchun ajratilishi kerak bo‘lgan juda yirik harbiy yordam paketi esa mana 6 oydirki Respublikachilarning blokirovkasi ostida. Shunday ekan, Kurskka hujum AQSHdagi saylov natijasi oldidan Ukraina tomonidan qilinayotgan tayyorgarlik bo‘lishi va agarda Tramp Oq uyga qaytadigan bo‘lsa, o‘sha kungacha bo‘lgan muddat ichida tinchlikka erishish uchun tashlangan qadam bo‘lishi mumkin.
Ukraina siyosiy rahbarlari, xususan Zelenskiy Kursk frontining ochilishi faqat va faqat tinchlik uchun tashlangan qadam ekanligini ta’kidlayapti. Uning ma’lum qilishicha, bu hujum Rossiyani tezroq muzokara stoliga o‘tkazish va tinchlikka erishish uchun yordam beradi. Zelenskiy keyinchalik o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tinchlik sammiti oldidan, Ukraina o‘z pozitsiyasini mustahkamlashi va buning uchun unda yaxshigina asos mavjud bo‘lishi lozimligini aytdi. Ko‘p ehtimol bilan Kurskdagi muvaffaqiyat ular uchun shunday asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
LiveBarchasi