Putin sobiq kansler bilan uchrashdi
Olam
−
06 iyun 2377 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoder bilan Kremlda yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kremlning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
Rossiya axborot agentliklari keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ushakov uchrashuvni “yaxshi va do‘stona” ruhda o‘tgan deb ta’riflagan.
“Uchrashuv do‘stona ruhda o‘tdi va muloqot birga-bir formatda bo‘ldi. Ochig‘ini aytsam, uning tafsilotlarini bilmayman. U Moskvada, Kremlda bo‘lib o‘tdi”, degan Ushakov jurnalistlar bilan suhbatda.
Uning aytishicha, Rossiya vakillari turli yo‘nalishlarda ko‘plab norasmiy aloqalarni davom ettirmoqda.
“Men juda yaxshi tasavvur qila olamanki, norasmiy aloqalar juda ko‘p va biz ularning aksariyati haqida shunchaki bilmaymiz”, degan Kreml vakili.
Ma’lumot uchun, Gerxard Shryoder 1998–2005 yillarda Germaniya kansleri lavozimida ishlagan. Uning rahbarligidagi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi 2005 yilgi saylovlarda mag‘lub bo‘lgach, u siyosatdagi faoliyatini yakunlagan. Shundan so‘ng, Shryoder Rossiyaning davlat kompaniyalarida faoliyat yurita boshladi va Vladimir Putin bilan yaqin munosabatlar o‘rnatdi. Aynan shu aloqalar sabab u uzoq yillardan buyon Germaniya va Yevropada tanqidlarga uchrab keladi.
Putin o‘tgan oy Yevropa uchun yangi xavfsizlik tizimi bo‘yicha muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirgan va bu jarayonda o‘zining afzal ko‘rgan hamkori sifatida Shryoderni tilga olgan edi. Biroq Bryusselda yig‘ilgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Shryoderning bunday muzokaralarda ishtirok etish g‘oyasini rad etgan. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallasning ta’kidlashicha, bu holatda sobiq kansler muzokaralar stolining har ikki tomonida o‘tirgan odamga aylanib qoladi.
Yuriy Ushakov, shuningdek, o‘zining norasmiy aloqalari haqida omma oldida ma’lumot bermasligini aytgan. Bu aloqalar qatorida Ukraina mojarosi bilan shug‘ullanayotgan AQSHning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan muloqotlar ham bor.
Kreml vakili AQSH diplomatik sa’y-harakatlari hozirda asosan Erondagi vaziyatga qaratilganini qayd etgan. Shunga qaramay, Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Moskvaga navbatdagi tashrifi ustida ish olib borilayotganini ma’lum qilgan.
“Ularning Moskvaga tashrifi tayyorlanmoqda, biroq aniq sanalar hali kelishib olinmagan”, degan Ushakov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa davlatlari rossiyaliklarga viza berishni qiyinlashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi