Zelenskiy yana Oq uyga boradi
Olam
−
14 Oktabr 2765 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy shu hafta Vashingtonda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishini tasdiqladi. U bu haqda kecha, 13 oktyabr kuni Kiyevda Yevropaning tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas bilan qo‘shma matbuot anjumani davomida ma’lum qildi.
Bosh vazir Yuliya Sviridenko, Prezident idorasi rahbari Andrey Yermak va Ukraina Xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarovdan iborat ukrain delegatsiyasi allaqachon Vashingtonga uchib ketgan.
Zelenskiyning o‘zi 17 oktyabrda tashrif buyurishi kutilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan suhbatdagi asosiy mavzulardan biri Ukrainaga uzoq masofali qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasi bo‘ladi. Bu ma’lumotni amerikalik “Axios” nashrining ikki manbasi ham tasdiqlagan:
“Ular (Tramp va Zelenskiy) Ukrainaga qaysi turdagi qurollar berilishi lozimligini, ayniqsa, AQSH Tomahawk raketalarini taqdim etamidimi-yo‘qmi, shuni muhokama qiladilar”.
Keyinroq, Tramp ham 17 oktyabrda Zelenskiy bilan Oq Uyda uchrashishini tasdiqladi.
Ikki davlat rahbarlari 11 va 12 oktyabr kunlari ikki marotaba telefon orqali muloqot qilishgan. Zelenskiy ushbu suhbatlarni “juda samarali” deb atagan. “Axios”ga ko‘ra, Tomahawk raketalarini yetkazib berish mavzusi 11 oktyabrdagi suhbatda ham ko‘tarilgan. bu haqda shunday :
“Biz ko‘ryapmiz va eshityapmizki, Rossiya amerikaliklar bizga Tomahawk berishi mumkinligidan qo‘rqyapti. Bu bosim tinchlikka xizmat qilishi mumkinligining belgisi”, degan Zelenskiy 12 oktyabrdagi suhbatdan so‘ng.
OAV xabariga ko‘ra, 1250–2500 km masofaga uchish qobiliyatiga ega Tomahawk raketalari haqida Zelenskiy Trampdan birinchi marta sentyabr oyi oxirida BMT Bosh Assambleyasi doirasida Nyu-Yorkda o‘tgan yopiq uchrashuvda so‘ragan. Ukraina Prezidentining ta’kidlashicha, bu raketalar Ukraina qo‘liga tegsa, faqat harbiy ob’ektlarga qarshi qo‘llaniladi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, Trampning Ukrainaga uzoq masofali raketalar berish qarori “Moskva va Vashington munosabatlarini, hech bo‘lmasa, ularda paydo bo‘lgan ijobiy tendensiyalarni vayrona qiladi”.
“Men fikrimni ochiq aytayapman. Ammo keyin ishlar qanday kechishi faqat bizga yoki menga bog‘liq emas”, dedi Putin.
Live
Barchasi