Zelenskiy va Putin uchrashuv haqida kelishib oldi – Tramp

Olam

image

Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy urushni tugatish masalasini muhokama qilish uchun ikki tomonlama uchrashuv tashkil qilish jarayonida. Bu haqda kecha, 19 avgust kuni Oq uy rahbari Donald Tramp ma’lum qildi.

“Prezident Putin bilan juda muvaffaqiyatli uchrashuv o‘tkazdim. Prezident Zelenskiy bilan uchrashuvim juda muvaffaqiyatli bo‘ldi va endi men nima bo‘lishini ko‘rish uchun ular mensiz uchrashishsa yaxshi bo‘lardi, deb o‘yladim”, dedi AQSH Prezidenti  “The Mark Levin Show” efirida.

Trampning matbuot kotibi Kerolayn Livitt Putinning Zelenskiy bilan shaxsiy uchrashuvga tayyorligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina Prezidentlari o‘rtasidagi uchrashuv rejasi hozir “ishlab chiqilmoqda”, “ko‘p variantlar” muhokama qilinmoqda.

“Ikkala yetakchi ham bir-birlari bilan (muzokaralar stoliga) o‘tirishga tayyor ekanini bildirdi va shuning uchun bizning milliy xavfsizlik guruhimiz bunda ikkala davlatga yordam beradi”, deydi Livitt.

18 avgust kuni Vashingtonda Ukraina Prezidenti va yevropalik siyosatchilar bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik haqida ma’lum qildi. Yakkama-yakka uchrashuv yakunlari bo‘yicha uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Rossiya-24” telekanaliga bergan intervyusida Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rilganini tasdiqlamadi. Uning ta’kidlashicha, Moskva urushni hal qilish bo‘yicha ishlash uchun hech qanday formatni rad etmaydi, lekin Lavrovning so‘zlariga ko‘ra eng yuqori darajadagi aloqalar “iloji boricha ehtiyotkorlik bilan” tayyorlanishi kerak.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Fransiyaning LCI telekanaliga bergan intervyusida Jenevada tinchlik sammitini o‘tkazishni taklif qildi. Shundan so‘ng Shveysariya Tashqi ishlar vaziri Ignazio Kassis mamlakat Putin ishtirokida Rossiya-Ukraina muzokaralarini o‘tkazishga ochiqligini aytdi. Unga ko‘ra, Bern Rossiya Prezidentiga Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud qarori bilan mamlakatda hibsga olinmasligi uchun unga daxlsizlik berishga tayyor.

“Bloomberg” agentligiga ko‘ra, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Vashingtondagi Ukraina borasida sammit yakunlari bo‘yicha Donald Tramp bilan suhbatida tinchlik muzokaralari uchun joy sifatida Budapeshtni taklif qilgan.

Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni Britaniyaning “Sky News” telekanali xabariga ko‘ra, Rimda uchrashuv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan.

“Zelenskiy va Tramp Rimni, xususan, Vatikanni afzal ko‘radi, biroq Putin Jenevani afzal ko‘radi”, deyiladi telekanal xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Ukraina Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing