Zelenskiy o‘zbekistonlik korxona va shaxslarga sanksiya kiritdi
Olam
−
24 noyabr 2023
26774Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 23 noyabr Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining “Shaxsiy maxsus iqtisodiy va boshqa cheklash choralarini (sanksiyalarini) qo‘llash to‘g‘risida”gi farmonini imzoladi.
Farmonlarda bir qator jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash ko‘zda tutilgan. Hujjatda 147 ta jismoniy va 303 ta yuridik, jumladan O‘zbekiston fuqarolari va korxonalari nomi mavjud.
Yuridik shaxslardan Akkermann Cement CA (Ohangaron), “Ohangaronsement” AJ, jismoniy shaxslardan esa Nargiza Erkinovna Narziyeva (30.06.1984 yilda tug‘ilgan), Shohrux Olimjonovich Nosirxo‘jayev (07.09.1980 yilda tug‘ilgan) sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Birinchi farmon 60 nafar shaxsga tegishli bo‘lib, ularga nisbatan sanksiyalar asosan 10 yil muddatga qo‘llaniladi. Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganlarning aktivlari blokirovka qilinadi va savdo operatsiyalari cheklanadi.
Ushbu ro‘yxatga, shuningdek, Rossiya, Ukraina, Kipr, Buyuk Britaniya, Germaniya va Shveysariya fuqarolari kiritilgan. Sanksiyaga oid hujjatda Rossiya prezidenti ma’muriyatining sobiq rahbari Anatoliy Chubays va Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibining sobiq o‘rinbosari Vladimir Sivkovich ham bor.
Rossiya, Kipr, Turkiya va Xitoyda joylashgan 93 yuridik shaxsga nisbatan 10 yillik sanksiyalar joriy etilgan.
Ikkinchi farmonning sanksiyalari 87 nafar jismoniy va 210 nafar yuridik shaxsga nisbatan qo‘llaniladi. Shuningdek, gap asosan 10 yil muddatga sanksiyalar haqida ketmoqda.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa davlatlar vakolatli organlarini ushbu sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida xabardor qilishi belgilangan.
LiveBarchasi