Zelenskiy urushni to‘xtatish bo‘yicha reja tayyorlanayotganini ma’lum qildi
Olam
−
29 iyun
10631Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina uchun bu yil urushni tugatish rejasini taqdim etishi muhimligini va bu rejani dunyoning aksariyat qismi qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bu haqda u sloveniyalik mavqedoshi Natasha Pirs-Musar bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Hamma narsa ham faqat Ukrainaga bog‘liq emas, agar bizga bog‘liq bo‘lganida urush bo‘lmasdi. Putin urushni xohlagan va hozircha uni tugatishni istamayapti. Dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan urushni yakunlash rejasini ko‘rsatish biz uchun juda muhim. Bu o‘zimiz tanlagan diplomatik yo‘ldir”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, u yaqinda Shveysariyada tinchlik sammiti bo‘lib o‘tganini va hozirda rasmiy Kiyev energiya, oziq-ovqat xavfsizligi hamda almashinuv bo‘yicha uchta batafsil reja ustida ish olib borayotganini eslatdi.
“Ishonchim komilki, biz bu muammolarni hal qilamiz. Hech bo‘lmaganda batafsil reja tayyorlaymiz. Yaqin kelajakda u tayyor bo‘ladi. Shuningdek, biz tinchlik formulasining barcha boshqa bandlarini ishlab chiqamiz va keng qamrovli reja tayyorlaymiz”, degan Ukraina Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada uchuvchisiz boshqariladigan samolyotlar, parvoz qurilmalari, radioelektron kurash vositalari va artilleriya snaryadlari ishlab chiqarish salmog‘i oshib bormoqda.
“Bu harakatlarimiz kimdir urushni istayotgani uchun emas. Biz boshidanoq urushga qarshi bo‘lganmiz. Hozir esa hech kim xohlamayapti. Biz faqat tinchlikni xohlaymiz”, degan Vladimir Zelenskiy.
Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti mamlakatda harbiy ishlab chiqarishni rivojlantirayotganiga urg‘u berib, harbiylarga kuchli bo‘lish zarur ekanligi hamda hamma narsaga tayyor turish kerakligini eslatgan.
“Rossiya faqat kuchli bo‘lganlarni hurmat qiladi. Buning uchun jang maydonida kuchli bo‘lish va aniq reja ishlab chiqish lozim. Rejamiz esa yaqinda tayyor bo‘ladi”, deya so‘zini yakunlagan Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Ukrainaning uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlarini yaratish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Shuningdek, u mamlakatning katta qo‘mondonini ishdan olgani haqida xabar berilgandi.