Zelenskiy urushga yuborilgan rossiyaliklarga omon qolish yo‘lini aytdi
Olam
−
26 Sentabr 2022
13797Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ruslarni Rossiya Federatsiyasida e’lon qilingan safarbarlikka bo‘ysunmaslikka chaqirdi va ularga qochish yoki taslim bo‘lishni tavsiya qildi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining an’anaviy kechki videomurojaatida, rus tilida aytib o‘tdi.
“Men buni yana takrorlamoqchiman. Men rus tilida gapiraman, ayniqsa rus “o‘rtoqlar” uchun... Ko‘ryapmiz, odamlar, xususan, Dog‘istonda o‘z hayotlari uchun kurasha boshlagan. Ko‘ryapmizki, ular bu masala o‘z hayotlari bilan bog‘liqligini tushuna boshlaganlar. Nega ularning erlari, ukalari, o‘g‘illari bu urushda halok bo‘lishi kerak? Bir kishi xohlagan urushda. Xalqimizga, yurtimizga qarshi urushda. U bolalarini urushga yubormayapti. Farzandlaringiz o‘limga mahkum bo‘lmasligi uchun kurashing – bu jinoiy Rossiya safarbarligi doirasida olib ketilishi mumkin bo‘lganlarning barchasi. Chunki farzandlarimizning jonini olishga kelsangiz – men ota sifatida aytaman – sizlarni tirik qo‘yib yubormaymiz”, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Prezident murojaatini ukrain tilida davom ettirib, “ruslar” uchun chiqish yo‘li borligini ta’kidladi.
“Jinoiy safarbarlikka bo‘ysunmang. Qoching. Yoki birinchi imkoniyatda ukrainalik asirlikka taslim bo‘ling. Men axborot sohasidagi barcha do‘stlarimizdan ushbu chaqiriqning tarqalishini qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rayman. Rossiya Federatsiyasi fuqarolari hech bo‘lmaganda o‘z jonlarini saqlab qolish uchun qanchalik ko‘r kurashsa, Rossiyaning Ukraina xalqiga qarshi jinoiy urushi shunchalik tezroq tugaydi”, deydi Zelenskiy.
U Ukraina g‘alabasi uchun kurashayotgan va mehnat qilayotgan barchaga yana bir bor minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada safarbarlik 21 sentyabrda boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
“Ob’yasnyayem.rf” hukumat portalida 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar birinchi navbatda safarbar qilinishi aytilgan. Safarbarlik ortidan rossiyaliklar ommaviy ravishda vatanini tashlab, xorijiy davlatlarga chiqib ketishni boshladi.
Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik doirasida 300 ming kishini armiyaga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi