Zelenskiy Ukrainaning qarshi hujumdagi muvaffaqiyatsizligi sababini aytdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ukrainalik siyosatchilarning qo‘shinlar qayerga hujum qilishini oldindan aytgani Qurolli kuchlarning mamlakat janubidagi qarshi hujumi muvaffaqiyatsiz o‘tganiga sabab bo‘lganini aytdi. Bu haqda u kecha, 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

 “Janubda qiyinchiliklarga duch keldik, chunki hamma maqsadimiz nima ekanini, qayerga ketayotganimizni bilardi. Bu esa rossiyaliklarga bunga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish imkonini berdi”, deydi Zelenskiy.

Shuningdek, u Ukrainada urushning yangi yilda tugashi mumkinmi degan savolga ham javob bergan. 

“Qo‘mondonlar va G‘arb hamkorlari bu urush ko‘p yillar davom etishini aytishgandi, biroq buni ham aniq bilishmaydi. Bu suhbat, ko‘pincha haqiqatdan farq qiladigan fikrlar. Urush, g‘alaba, mag‘lubiyat, turg‘unlik – bu juda ko‘p qarorlar, xavflar, yo‘nalishlarga bog‘liq bo‘lgan masalalar. Lekin ko‘p hollarda bu sizga va menga bog‘liq: agar chidamliligimizni yo‘qotmasak, urushni ertaroq tugatamiz”, deydi Zelenskiy.

Uning aytishicha, skeptitsizm mamlakatni yo‘qotishga olib keladi.

“Men bunga tayyor emasman va men kabi millionlar borligiga aminman. Biz o‘z vatanimizni berib qo‘ymaymiz”, degan Ukraina Prezidenti. 

Shuningdek, Prezident o‘z mamlakatida artilleriya o‘q-dorilari taqchilligi va harbiy xizmatga chaqiruv tizimiga o‘zgartirishlar kiritish zarurligini tan oldi va armiyani ko‘proq odamlarni safarbar qilish rejalari haqida batafsil ma’lumot berishga chaqirdi.

Zelenskiy armiya 450 000 dan 500 000 gacha qo‘shimcha askarlarni safarbar qilishni so‘raganini aytdi, ammo bu “juda nozik” masala bo‘lgani uchun qaror qabul qilishdan oldin o‘zaro muhokama qilinishi hamda yetti o‘lchab, bir kesgan holda qaror qabul qilinishini bildirgan.

Qurolli Kuchlar rahbari Valeriy Zalujniyning iste’foga chiqishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, Zelenskiy u bilan "yaxshi ish munosabat"daligini va uning "shaxsiyat"ga qiziqmasligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing