Zelenskiy Ukraina qishdan omon chiqishi uchun yordamga muhtojligini tan oldi
Olam
−
13 dekabr 2022
6808Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy energetika sohasida mamlakatga zudlik bilan yordam berishga chaqirdi.
“Asosiy vazifa Ukrainaning asosiy energetika tizimini saqlab qolishdir. Shuning uchun bunday format zarur”, deydi siyosatchi Parijda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron raisligida o‘tayotgan “Ukraina xalqi bilan birdamlikda” konferensiyasida so‘zlagan nutqida.
U so‘zida davom etarkan, Ukraina qishdan omon chiqishi uchun Yevropaga muhtojligini aytgan.
“Bizga bir nechta toifadagi uskunalar kerak – transformatorlar, yuqori voltli tarmoqlarni qayta tiklash uchun uskunalar, gaz turbinali va gaz porshenli quvvat bloklari. Hech bo‘lmaganda isitish mavsumi tugagunga qadar biz Yevropa energiya tizimidan favqulodda yordamga muhtojmiz. Ya’ni, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Ukrainaga elektr energiyasini yetkazib berish. 2 GVtgacha quvvat. Buni amalga oshirish uchun Yevropa elektr uzatish tizimi operatorlari tarmog‘i tomonidan import sig‘imini oshirish bo‘yicha qaror qabul qilish zarur”, deydi davlat rahbari.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bunday yordam hozirgi narxlarda taxminan 800 million yevroga tushishi mumkin.
U, shuningdek, Xalqaro atom energiyasi agentligining atom elektr stansiyalaridagi missiyalariga o‘xshab, Yevropa Ittifoqini muhim energetika infratuzilmasi ob’ektlariga maxsus missiyalar yuborishga chaqirdi. Uning fikricha, YeIning bunday missiyalari vaziyatni barqarorlashtirish va zarur xalqaro nazoratni o‘rnatishda ishonchli omilga aylanishi mumkin.
“Terrorchilar tomonidan elektr stansiyalari vayron qilingani sababli biz bu qishda ko‘zda tutilganidan ko‘proq gaz ishlatishga majburmiz. Natijada 2 milliard kub metr gaz sotib olish uchun bizga yordam kerak”, deydi u.
U, shuningdek, Ukrainaga sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun maxsus mexanizm – Parij mexanizmi kerakligi, bu Rossiyaning har bir energetik terrori holatiga samarali javob berishga imkon berishini urg‘uladi.
“Hozircha, afsuski, bizda rus raketalari va dronlarini 100 foiz urib tushira oladigan bunday zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimi yo‘q, ammo biz Rossiyani terrorchilik taktikasidan 100 foiz mahrum qiladigan qarorlar qabul qilish tizimini yaratishimiz mumkin”, deydi Zelenskiy.
LiveBarchasi