Zelenskiy samolyot halokati bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ukrainalik harbiy asirlarni almashish uchun olib ketayotgan Rossiyaning Il-76 harbiy samolyotining halokatga uchrashiga izoh berdi. Bu haqda u YouTube'da videomurojaat qildi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina Mudofaa vazirligi, Ukraina Qurolli kuchlari, Ukraina xavfsizlik xizmati va harbiy razvedka vakillariga qo‘ng‘iroq qilib, ularning samolyot va ayirboshlash bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha hisobotlarini tinglagan.

“Ko‘rinib turibdiki, ruslar ukrainalik mahbuslarning hayoti, ularning qarindoshlarining his-tuyg‘ulari va jamiyatimiz hissiyotlari bilan o‘ynashmoqda”, deydi Zelenskiy.

Uning aytishicha, imkon qadar barcha faktlar aniqlanishi kerak. 

“Samolyot halokati Rossiya hududida sodir bo‘lganini hisobga olsak, bu bizning nazoratimizdan tashqarida. Xavfsizlik xizmati barcha holatlarni o‘rganmoqda. Men Ukraina Tashqi ishlar vaziriga hamkorlarni Ukrainadagi mavjud ma’lumotlar haqida xabardor qilishni topshirdim. Davlatimiz xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qiladi”, deydi Ukraina Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni ertalab Belgorod viloyatida halokatga uchradi. Rossiya Mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, bortda Belgorodga almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik harbiy asir, shuningdek, olti ekipaj a’zosi va uch nafar hamroh bo‘lgan. Ularning barchasi, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, vafot etgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Il-76 halokatini terakt deb atadi va bunda Ukraina harbiylarini aybladi. Ukraina hukumati halokat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Ukraina harbiy razvedkasi 24 yanvar kuni Moskva va Kiyev asirlarni almashishga tayyorlanayotganini tasdiqladi va Ukraina tomonida Il-76 bortida kim bo‘lgani haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Ha aytgancha, bugun, 25 yanvar kuni Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy 46 yoshga to‘ldi. “RBK-Ukraina” manbalariga ko‘ra, falokat holatlari aniqlanguniga qadar Zelenskiy mamlakatning markaziy hududlariga safarini bekor qilgan va uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash uchun uchrashuvlarni taqiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Il-76 harbiy asirlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made