Zelenskiy Rossiyaning oylik yo‘qotishlarini 50 mingga yetkazishga va’da berdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina armiyasi oldiga har oy kamida 50 ming nafar rossiyalik harbiyni yo‘q qilish vazifasi qo‘yilganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi nutqida so‘z ochdi. 

Uning aytishicha, bu ko‘rsatkich zamonaviy Rossiya qurolli kuchlarining yirik harbiy korpusi yoki kichik umumqo‘shin armiyasi soniga teng.

“Armiyamizning vazifasi aniq: imkon qadar ko‘proq rossiyalik bosqinchilarni yo‘q qilish. Maqsad ham konkret – oyiga kamida 50 ming kishi. Ishonchim komilki, hatto Rossiya uchun ham bu jiddiy bo‘ladi”, deydi Zelenskiy.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida Ukraina qurolli kuchlari 35 ming nafar rossiyalik harbiyni o‘ldirgan yoki og‘ir yaralagan. Joriy yilning yanvar oyida esa Rossiya qo‘shinlarining hujumlari intensivligi pasaygani sababli, ularning qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlari 30 ming kishigacha tushgan. Zelenskiy, shuningdek, Rossiya Donetsk yo‘nalishida egallangan har bir kilometr yer uchun “156 nafar askar hayoti bilan to‘layotgani”ni ta’kidlagan.

Vashingtondagi “Center for Strategic and International Studies” (CSIS) baholariga ko‘ra, o‘tgan yil oxiriga kelib Rossiya Qurolli kuchlarining umumiy yo‘qotishlari 1,198 million kishiga yetgan, shundan 325 ming nafari halok bo‘lgan. Faqat 2025 yilning o‘zida halok bo‘lgan va yaralanganlar soni 425 ming kishini tashkil etib, o‘rtacha oyiga 35 ming atrofida bo‘lgan.

Qishda keskin oshgan bunday katta yo‘qotishlarga qaramasdan, Rossiya sezilarli strategik siljishga erisha olmagan. “Bloomberg” manbalarining qayd etishicha, hozirgi sur’atda Rossiya generallariga butun Donbassni egallash uchun qariyb ikki yil vaqt kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi nutqida Rossiya Prezidenti Vladimiri Putin o‘zini “podsho” deb bilishini, ammo aslida u “urushning quli” ekanini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing