Zelenskiy rossiyalik mashhurlarga “zapret” qo‘ydi. Bunga javoban Kirkorov uni mazax qildi
Madaniyat-san’at
−
09 yanvar 2023
23667Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 119 nafar taniqli shaxslarga taqiq qo‘ydi. Ularning asosiy qismi Rossiya fuqarolari bo‘lib, qaror joriy yilning 7 yanvar kuni imzolangan va Ukraina Prezidenti saytida e’lon qilingan.
Ro‘yxatda ko‘plab rossiyalik san’at namoyandalari va estrada yulduzlari bor. Jumladan:
• xonandalar – Filipp Kirkorov, Dima Bilan, Sergey Lazarev, Polina Gagarina, Pelageya, Anita Soy, Sergey Jukov, Yuliya Savicheva;
• aktyorlar – Anna Semyonovich, Mixail Galustyan;
• teleboshlovchilar – Leonid Yakubovich, Janna Badoyeva;
• qiziqchi – Yevgeniy Petrosyan;
• bloger – Amiran Sardarov kabilar bor.
Ro‘yxatdagilarning deyarli barchasiga 14 banddan iborat taqiqlar biriktirilgan bo‘lib, ularning Ukrainadagi aktivlarini muzlatish, savdo operatsiyalarini cheklash, kapitalni Ukrainadan tashqariga olib chiqishning oldini olish, iqtisodiy va moliyaviy majburiyatlarni to‘xtatib turish, litsenziyalar va boshqa ruxsatnomalarni bekor qilish, yer uchastkalariga egalik qilishni taqiqlash va Ukrainaning davlat mukofotlaridan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.
Vladimir Zelenskiyning qarori e’lon qilinganidan so‘ng, birinchilardan bo‘lib xonanda Filipp Kirkorov voqeaga o‘zining Instagram sahifasi orqali munosabat bildirgan.
“Sanksiyalar ro‘yxatiga tushganimdan so‘ng barcha yaqin do‘stlarim va tanishlarimdan tabriklar qabul qilyapman. Mister Zelenskiy, mening iste’dodim, mashhurligim va ahamiyatga ega ekanimni tan olganingiz uchun rahmat. Tarix bunday rahbarlarni ko‘pini ko‘rgan. Madaniyat, qo‘shiqlar, adabiyot xuddi avvaldagidek, hozir ularni bekor qilib bo‘lmaydi, buni tushunish va qabul qilish kerak”, deydi Kirkorov.
Shuningdek, Kirkorov o‘z vaqtida aktyor bo‘lgan Vladimir Zelenskiyni 2010 yilda o‘zining videoklipida o‘ynaganiga shama qilib, “rolga kirishib ketdi” deya mazax qilgan. Xonanda Ukraina rahbarini “okean ortidan [AQSH] kelgan ssenariyga” ko‘ra rol ijro etayotganini va bu halokatga olib borishini ta’kidlagan.
LiveBarchasi