Zelenskiy Rossiya ZAESda yirik terakt tayyorlayotganidan ogohlantirdi
Olam
−
05 iyul 2023
5601Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik harbiylar Zaporoje atom elektr stansiyasining bir nechta energobloklari tomiga “portlovchi moddalarga o‘xshash buyumlar” o‘rnatganini da’vo qildi. Bu haqda u 4 iyul yakunlari bo‘yicha videomurojaatida ma’lum qilgan.
“Ehtimol [Rossiya kuchlari buni stansiyaga hujumni taqlid qilish uchun qilgandir. Ehtimol, ularda boshqa ssenariy bor. Ammo har qanday holatda ham, dunyo ko‘rib turibdi va ko‘rmaslikning iloji yo‘q. Zaporoje atom elektr stansiyasi uchun xavfning yagona manbai Rossiyadir, boshqa hech kim emas”, deydi Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti, shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar chog‘ida uni rus qo‘shinlari Zaporoje atom elektr stansiyasida “xavfli provokatsiyalar” tayyorlayotgani haqida ogohlantirganini aytdi.
“Rosenergoatom” konserni bosh direktori maslahatchisi Renat Karchaaning TASS axborot agentligiga aytishicha, Ukraina Qurolli Kuchlari 5 iyulga o‘tar kechasi ZAESga hujum qilib, radioaktiv chiqindilar bilan o‘q-dorilarni stansiyaga tashlamoqchi bo‘lgan. Ushbu ma’lumot tasdiqlanmagan.
Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu xabarlar fonida elektr stansiyasida portlash yuz bergan taqdirda tavsiyalar berdi. Tavsiyalarda "potensial radiatsiyaviy avariya zonasi" aholisi evakuatsiyaga tayyor bo‘lishga chaqiriladi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi bu ma’lumotga izoh bermadi, agentlikning ZAESdagi vaziyat haqidagi yangi hisobotida mumkin bo‘lgan portlash haqida hech narsa aytilmagan.
Vladimir Zelenskiy so‘nggi haftalarda Rossiya Zaporoje atom elektr stansiyasida terakt tayyorlanayotganini bir necha bor ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum radiatsiya chiqarishni nazarda tutadi. Ukraina Prezidenti bu haqda turli mamlakatlardagi hamkorlarini ogohlantirganini aytdi.
Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ZAESning ukrainalik xodimlari 5 iyulgacha stansiyadan evakuatsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar olgan.
LiveBarchasi