Zelenskiy rafiqasi bilan Shvetsiyaga bordi
Olam
−
19 avgust 2023
10757Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy amaliy tashrif bilan Shvetsiyaga bordi va u yerda bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina rahbari o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Prezident Shvetsiyaga Ukraina Birinchi xonimi Yelena Zelenskaya bilan birga borgan. Zelenskiy u yerda Bosh vazir Ulf Kristersson, qirol Karl XVI va qirolicha Silviya, spiker Andreas Norlen va parlamentdagi partiyalar raislari bilan uchrashishni rejalashtirgan.
“Ukraina-Shvetsiya keng ko‘lamli muzokaralarida ozodlik va mustaqillik uchun kurashimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun Shvetsiyaga shaxsan minnatdorchilik bildiraman”, deb yozgan Ukraina Prezidenti.
Zelenskiy safarning ustuvor vazifasi Ukraina yer va havo kuchlarini mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, harbiy-sanoat kompleksi, Ukrainaning Yevropa integratsiyasi va Yevro-Atlantika makonida umumiy xavfsizlikni ta’minlashdan iborat bo‘lishini ta’kidlagan.
“Biz Shvetsiyaning NATOga kirishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchimiz komilki, biz birgalikda butun Boltiq-Qora dengiz-Azov mintaqasida ishonchli tinchlikni kafolatlaymiz”, deydi u.
Zelenskiy Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson bilan muzokaralarni boshlashdan oldin ham post qoldirgan va unda Shvetsiyaning CV-90s zirhli jangovar mashinalarini Ukrainada ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Zelenskiy Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish bo‘yicha G7 qo‘shma deklaratsiyasiga 12 davlat qo‘shilganini aytgan edi. Ular orasida Shvetsiya ham bor edi.
LiveBarchasi