Zelenskiy prezidentlik saylovlariga tayyorligini aytdi
Olam
−
09:10 3522 2 daqiqa
Ukraina prezidentlik saylovlarini 2-3 oy ichida o‘tkazishga tayyor bo‘ladi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 9 noyabr kuni jurnalistlar savollariga javob berish chog‘ida aytib o‘tdi.
“Ukrainada saylov masalasi, menimcha, avvalo xalqimizga bog‘liq. Bu boshqa davlatlar xalqlarining masalasi emas – buni hamkorlarimizni hurmat qilgan holda aytaman”, degan Ukraina Prezidenti.
U, shuningdek, saylovlarga tayyor ekani, hokimiyat kursisiga yopishib olmaganini ham qo‘shimcha qilgan.
“Ochiq aytaman: men saylovlarga tayyorman. Agar kimdir bizni hokimiyatga yopishib olgan, shu bois urush tugamayapti, degan o‘yda bo‘lsa, bu mutlaqo noo‘rin gap”, degan Ukraina rahbari.
Zelenskiy saylovlar o‘tkazish uchun ikkita asosiy masala ham borligini eslatgan.
“Saylov o‘tkazish uchun ikki masala bor: birinchisi – xavfsizlik. Qanday qilib raketa zarbalari ostida ovoz berishni tashkil etamiz, harbiylar qanday ovoz beradi? Ikkinchi masala – bu saylovlarni qonuniy o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan huquqiy asos.
Bu masalani AQSH Prezidenti va boshqa hamkorlar ko‘tarayotgani uchun qisqa aytaman: men tayyorman. Hattoki AQSHdan va Yevropa hamkorlaridan saylov xavfsizligini ta’minlashda yordam so‘rayman. Agar buni ta’minlasak, keyingi 60–90 kun ichida saylovlar o‘tkazishga tayyormiz”, degan Ukraina Prezidenti.
Zelenskiy, shuningdek, Kiyev AQSHga yangilangan tinchlik rejasini topshirishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina, AQSH va Yevropa ittifoqidagi hamkorlar o‘rtasida muzokaralar jarayonida tinchlik yo‘liga asos bo‘ladigan uchta hujjat ishlab chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp tinchlik rejasining so‘nggi versiyasi bilan hali tanishib chiqmagani uchun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiydan “hafsalasi pir bo‘lgani”ni aytgandi.
Live
Barchasi