Zelenskiy Oq uyda. Bu safar unga nimalar va’da qilindi?

Olam

image

Kecha, 21 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uyda amerikalik mavqedoshi Jo Bayden bilan uchrashdi. Bu haqda Ukrainaning “Strana” nashri xabar berdi.

Ukraina Prezidentiga rafiqasi Yelena Zelenskaya hamrohlik qilgan. Salomlashishdan so‘ng siyosatchilar va ularning turmush o‘rtoqlari suratga tushgan.

So‘ngra yetakchilarning muzokaralari boshlangan. Bayden va Zelenskiy Ukrainaning energetika va iqtisodiyot tarmoqlarini tiklash, korrupsiyaga qarshi kurash, shuningdek, ikki davlatning harbiy-sanoat komplekslari o‘rtasidagi hamkorlik masalasini muhokama qilgan. 

“Amerikaning birinchi Abrams tanklari keyingi hafta Ukrainaga yetkaziladi”, degan Bayden.

Ukrainaning havo mudofaasini kuchaytirishga e’tibor qaratgan Bayden, Ukrainaga qo‘shimcha jihozlar yetkazib berilishini qayd etdi.
Bundan tashqari AQSH Prezidenti Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishni va’da qilgan.

Ukraina Prezidenti AQSHga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirib, uchrashuv samarali o‘tganini qayd etdi.

Uchrashuvdan so‘ng, Zelenskiy Ukrainaning mudofaa qobiliyatini oshirish, qishda havo mudofaasini kuchaytirish va don eksporti kabi mavzularda muayyan qadamlar haqida kelishib olganini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar tinchlik formulasi ustida ishlashda davom etadi.

Vashington ma’muriyatining bildirishicha, Qo‘shma Shtatlar uzoq muddatda Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mamlakatning harbiy-sanoat bazasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali mustahkamlash niyatida. Shu maqsadda Amerika hukumati kuzda konferensiya o‘tkazadi, uning ishtirokchilari bo‘lmish AQSH harbiy sanoati vakillari, ukrainalik tadbirkorlar va ikki davlat rasmiylari “qo‘shma korxonalar va qo‘shma korxonalar yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi. 

Shundan so‘ng, Zelenskiy Vashingtonda AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti (respublikachi), Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer va Kongress yuqori palatasidagi respublikachilar yetakchisi Mitch MakKonnell bilan uchrashgan. Zelenskiy Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan ham suhbatlashgan. Muzokaralarning asosiy mavzusi Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishi bo‘lgan.

“Reuters” agentligi ismini oshkor etmagan amerikalik mulozimga tayanib xabar berishicha, Bayden Ukrainaga 325 million dollarlik yangi yordam paketini e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Rossiya harbiy amaliyoti boshlangan 2022 yil fevralidan beri Qo‘shma Shtatlar Kiyevga deyarli 113 milliard dollarlik harbiy va gumanitar yordam jo‘natgan. Pentagonning avgust oxiridagi ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington jangovar harakatlar boshlanganidan beri Kiyevga 43,7 milliard dollardan ortiq harbiy yordam ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti o‘zining videomurojaatini ham e’lon qilgan. Uning aytishicha, Ukraina va Qo‘shma Shtatlar hamkorlikda mudofaa ekotizimini yaratadi, uning doirasida zarur qurollarni ishlab chiqaradi. 

“Biz AQSH bilan birgalikda Ukrainaga zarur qurollarni ishlab chiqaramiz. AQSH bilan hamkorlikda yangi mudofaa ekotizimini yaratishga, qurol ishlab chiqarishga, erkinlikni mustahkamlash uchun harakat qilishga tayyorlanyapmiz”, degan u.

Zelenskiy tizimda yangi sanoat bazasi va yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, Zelenskiy AQSHga 18 sentyabr kuni yetib keldi. U BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi va tashkilot Bosh Assambleyasi doirasida bir necha uchrashuvlar o‘tkazdi. Ukraina Prezidenti Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen, Germaniya kansleri Olaf Shols, Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva va boshqa siyosatchilar bilan muzokaralar o‘tkazgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Zelenskiy Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing