Zelenskiy Lukashenkoga “ultimatum” qo‘ydi
Olam
−
09:03 6557 1 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoga Rossiya dronlarining Ukraina shaharlariga zarbalarini muvofiqlashtirishda foydalanilayotgan retranslyatorlarni olib tashlash uchun bir hafta vaqt berdi. Bu haqda u Kiyevda Gonduras Prezidenti Nasri Asfura bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina bilan chegaradosh ikki viloyat hududida joylashgan maxsus uskunalar Rossiya dronlarining harakatlarini muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda.
“Agar Lukashenko urushda ishtirok etishni istamasligini aytayotgan bo‘lsa, u holda bu uskunalarni olib tashlasin yoki o‘chirib qo‘ysin. Buning uchun bir hafta yetarli. Agar u bunday qilmasa, buni biz amalga oshiramiz”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina rahbari Belarus Rossiya armiyasi uchun neft mahsulotlarini yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biri ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu ta’minotni to‘xtatish imkoniyati Lukashenkoning o‘zida mavjud.
Avvalroq, Lukashenko “Al Arabiya” telekanaliga bergan intervyusida Ukraina bilan urushga qo‘shilmasligini bildirib, Zelenskiy haqida aytgan keskin so‘zlari uchun undan uzr so‘ragan edi.
“Agar Vladimir Aleksandrovich xafa bo‘lgan bo‘lsa, bu so‘zlarim uchun undan uzr so‘rayman”, degan Lukashenko.
Uning ta’kidlashicha, Belarusning urushga qo‘shilishi Rossiya uchun yana 1,5 ming kilometrlik qo‘shimcha front ochilishiga olib keladi va mamlakat harbiy jihatdan ancha zaif holatda qoladi.
Live
Barchasi