Zelenskiy Kirkorov va Baskovni unvonlaridan mahrum qildi
Madaniyat-san’at
−
23 noyabr
6841Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatga xiyonat qilgan 34 kishini davlat mukofotlaridan mahrum etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Tegishli hujjat Ukraina davlat rahbarining rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, ro‘yxatga sobiq amaldorlar, xalq deputatlari, Xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura rahbarlari, prokurorlar, san’atkorlar, shuningdek, rossiyalik siyosiy, diniy va madaniy arboblar kiritilgan.
Rossiyalik xonandalar Nikolay Baskov, Filipp Kirkorov, Aleksandr Malinin, rossiyalik bastakor Igor Krutoy “Ukraina xalq artisti” faxriy unvonidan, xonandalar Karolina Kuek (Ani Lorak) va Taisiya Povaliy ham “Ukrainada xizmat ko‘rsatgan artist” unvonidan mahrum etilgan.
Farmonda ta’kidlanishicha, barcha shaxslar abadiy ravishda Ukraina davlat mukofotlaridan mahrum qilingan. Ular orasidan o‘nta kishiga maksimal sanksiyalar qo‘llanilgan. Bundan tashqari, Rus pravoslav cherkovining Patriarxi Kirill ikkinchi darajali “Yaroslav Mudriy” ordenidan mahrum qilindi.
San’atkorlar bilan bir qatorda, Ukraina sobiq bosh vaziri Nikolay Azarov, sobiq deputat Viktor Medvedchuk va boshqa yuqori martabali shaxslar, jumladan, sobiq bosh prokuror o‘rinbosari Renat Kuzmin va sobiq ta’lim vaziri Dmitriy Tabachnik turli darajadagi orden va unvonlardan mahrum qilingan.
LiveBarchasi