Zelenskiy xiyonatda ayblangan UXX raisi o‘rniga yangisini tayinladi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vasiliy Malyukni Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinladi. Tegishli farmon bugun, 18 iyul kuni davlat rahbari saytida e’lon qilindi. 

“Ukraina Xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Malyuk Vasiliy Vasilevich vaqtincha Ukraina Xavfsizlik xizmati raisi vazifasini bajarsin”, deyiladi hujjatda. 

Eslatib o‘tamiz, 17 iyul kuni Zelenskiy Bosh prokuror Irina Venediktova va Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Ivan Bakanovni ishdan oldi. Ukraina Prezidenti apparati rahbari o‘rinbosari Andrey Smirnov Venediktova va Bakanov ishdan bo‘shatilmaganini, balki tergov davomida o‘z vazifalaridan chetlashtirilganini tushuntirdi.

Vladimir Zelenskiy videomurojaatida Ukrainada prokuratura, tergovchilar va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan davlatga xiyonat va “hamkorlik faoliyati” moddalari bo‘yicha 651 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan so‘ng UXX rahbari va Bosh prokurorni lavozimidan chetlatganini aytdi.

Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Aleksey Simonenko Bosh prokuror vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Ivan Bakanov – Vladimir Zelenskiyning bolalikdagi do‘sti. U 2019 yil avgust oyidan buyon UXX rahbari lavozimida ishlab kelayotgandi. Iyun oyida “Politico” manbalarga tayanib, Ukraina Prezidenti urush paytida Xersonni yo‘qotgani uchun UXX rahbarini almashtirmoqchi ekanini xabar qilgan edi.

Irina Venediktova – Ukraina tarixidagi birinchi ayol Bosh prokuror. U bu lavozimda 2020 yilning mart oyidan beri ishlab kelayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

135

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing