Zelenskiy biror narsani imzolashga tayyor turishi kerak – Tramp
Olam
−
09 avgust 2025 6494 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy “biror narsani imzolashi” kerakligi va unga tayyor turishi shartligini aytdi. Bu haqda u kecha, 8 avgust kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Trampning ta’kidlashicha, Vladimir Putin ham, Zelenskiy ham “tinchlikni ko‘rishni” xohlaydi.
“Endi Prezident Zelenskiy o‘ziga kerak bo‘lgan hamma narsani olishi lozim, chunki u biror narsani imzolashga tayyor bo‘lishi kerak. Menimcha, u bunga erishish uchun barcha choralarni ko‘ryapti”, degan Tramp.
Qolaversa, Tramp Ukraina hududidan voz kechish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.
“Biz bu yo‘lni ko‘rib chiqyapmiz, lekin aslida bir narsani qaytarib olishni, yana boshqasini esa almashtirishni xohlaymiz. Bu murakkab masala”, degan Oq uy rahbari.
Tramp, shuningdek, Vladimir Putin bilan joriy yilning 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida uchrashishini ma’lum qilgan.
“Bloomberg” manbalariga ko‘ra, Rossiya va AQSH Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuvni muhokama qilmoqda. Unga ko‘ra, Kiyev Donetsk, Lugansk va Qrimdan voz kechadi. Buning evaziga Rossiya Xerson va Zaporojeda amaldagi front chizig‘i bo‘yicha hujumni to‘xtatadi.
“The Telegraph” ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina xalqaro miqyosda Rossiyaning ushbu hududlar ustidan nazoratini tan olmaydi, lekin front chizig‘i bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor. Zelenskiy yo‘qotilgan hududlarni Rossiyaga berishni qat’iyan rad etgan, ammo vaqt o‘tishi bilan ularning bir qismini diplomatik yo‘l bilan qaytarish imkonini beradigan kelishuvni izlashga tayyorligini bildirgan. Moskva esa Kiyevga hududiy yon berish ehtimolini inkor etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat o‘z hududlarini Rossiya ixtiyoriga o‘tkazmasligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushni Rossiya boshlagan va tugatishni ham uning o‘zi bo‘yniga olishi kerak. Zelenskiy Ukraina uchun manfaatli bo‘lgan qarorlar qabul qilinishi, tinchlikka eltmaydigan qarorlar inobatga olinmasligini bildirgan.
Live
Barchasi