Zelenskiy Aliyev bilan uchrashdi

Olam

image

Kecha, 1 iyun kuni Moldova poytaxti Kishinyovda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining rasmiy sayti xabar berdi.

Uchrashuvda Ozarbayjon va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yuzasidan fikr almashilgan. Prezident Ilhom Aliyevning 2022 yil yanvar oyida Ukrainaga tashrifi va uning davomida olib borilgan muhokamalar qayd etilgan. Ozarbayjon va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojlanib borayotganidan mamnunlik bildirildi.

Prezident Ilhom Aliyevning aytishicha, Ozarbayjon Respublikasining Ukrainadagi yangi elchisi tayinlangan, u tez orada ish boshlaydi.

Prezident Vladimir Zelenskiy Ozarbayjonning Ukrainaga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami, ukrainalik bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va ularning Ozarbayjonga sayohatlarini tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi va buni yuksak qadrladi.

Suhbat chog‘ida Ozarbayjon va Ukraina xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birining hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashi mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Uchrashuv haqidagi fikrlarini Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi. Uning qayd etishicha, Ukraina Ozarbayjonning Kiyev viloyatidagi infratuzilma ob’ektlarini tiklashdagi ishtirokini yuqori baholaydi.

“Mamlakatimizni qayta tiklashda yordamga umid qilamiz. Urushdan keyingi davrda Ozarbayjonning Ukrainadagi investitsiya loyihalarida faol ishtirok etishiga ishonamiz”, dedi Zelenskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat Ozarbayjondan Ukraina tinchlik formulasi asosida barqaror va adolatli tinchlikka erishish bo‘yicha Ukraina tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etishini kutmoqda.

Ta’kidlash joizki, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon Aliyev va Zelenskiy ilk bor uchrashdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 may kuni Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tgandi. Undan oldidan Putin va Aliyev o‘rtasida uzoq davom etgan ikki tomonlama uchrashuv tashkil qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing