Zelenskiy AQSH qurolini olish uchun har oy qancha pul kerakligini aytdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHdan qurol-yarog‘ sotib olish uchun ittifoqchilaridan har oy kamida 1 milliard dollar kerakligini aytdi. Bu haqda u bugun, 25 avgust kuni Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

O‘z navbatida, Styore Ukrainaga yordamni davom ettirishini, 2025–2026 yillarda Norvegiya bu maqsadlar uchun 8,45 milliard dollar ajratishini hamda Ukrainaga ikki dona Patriot havo mudofaa tizimini yetkazib berishda ko‘maklashishini bildirgan. 

Qayd etish joiz, Norvegiya Bosh vaziri 25 avgust kuni Kiyevga bordi. Qo‘shma matbuot anjumanida Zelenskiy Ukraina va AQSH harbiy rahbarlari hamda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar darajasida muzokaralar bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning yoz oylarida AQSH va NATO Ukrainaga Amerika qurollarini yetkazib berish uchun yangi mexanizm – Priority Ukraine Requirements List (PURL) dasturini ishga tushirgan. U Yevropa ittifoqchilari va Kanadaning badallari orqali moliyalashtiriladi. Ukraina muntazam ravishda 500 million dollarlik yordam paketlari olishi kutilmoqda.

14 avgust kuni Zelenskiy shu mexanizm doirasida Ukrainaga 1,5 milliard dollar ajratilganini, dasturga Norvegiya bilan bir qatorda Niderlandiya, Daniya, Shvetsiya va Germaniya qo‘shilganini aytdi. Keyinchalik Kanada ham PURL dasturiga qo‘shilganini ma’lum qildi.

Rossiya hukumati esa G‘arb davlatlarini Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishga chaqirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Zelenskiy kecha, 24 avgust kuni Kiyevda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida Ukraina Rossiya hududiga faqat o‘zining uzoq masofali qurollari bilan zarba berishi va buning uchun AQSH ruxsati kerak emasligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing