Zelenskiy 10 aprel kuni Turkiyaga uchadi. U Erdo‘g‘andan nima xohlayapti?

Olam

image

Bugun, 9 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Turkiyaga safari to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. Oradan hech qancha vaqt o‘tar-o‘tmas Turkiya Prezidenti Administratsiyasi ushbu xabarlarni tasdiqladi.

“Ikki mamlakat Prezidentlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Vladimir Zelenskiy raisligida Turkiya-Ukraina oliy darajadagi hamkorlik kengashining to‘qqizinchi yig‘ilishi 10 aprel kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadi”, deyiladi Turkiya Prezidenti Administratsiyasi bayonotida. 

So‘nggi paytlarda Donbassda harbiy harakatlar hamda Ukrainaning NATOga kirish uchun urinishlari kuchaygan davrda Zelenskiyning Turkiya tomon parvozidan qanday maqsad ko‘zlangan?

Harbiy-siyosiy ekspert Viktor Muraxovskiyga ko‘ra, Zelenskiyning Turkiyaga safaridan maqsad – Kiyev uchun “Bayraktar” va “Akinci” uchuvchisiz harbiy havo apparatlarini sotib olishga urinish bo‘lishi mumkin.

“Odatga ko‘ra, hozir Turkiyaga nima maqsadda uchishmoqda? Ukraina tomoni, albatta, jangovar samaradorligini oshirish va “Rossiya tajovuzi”ga qarshi turish uchun uchuvchisiz samolyotlarga muhtoj”, deydi Viktor Muraxovskiy.

Ma’lumot o‘rnida, “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparati an’anaviy qiruvchi samolyotlarga nisbatan bir qancha ustunlikka ega. Xususan, yuqori harakatchanlik: havoga ko‘tarilish va qo‘nish uchun keng maydon talab etilmaydi. Apparat kichik va yengil bo‘lgani uchun kam yoqilg‘i va texnik ta’minot talab etiladi, qurilmadan noqulay ob-havo sharoiti va favqulodda vaziyatlarda ham foydalanish mumkin, undan foydalanishda yuqori malakali uchuvchi kadrlar talab qilinmaydi.

Ushbu qurilma Turkiyaning “Baykar Makina” kompaniyasi tomonidan 2014 yildan beri ishlab chiqariladi. Dunyo bo‘ylab 100 ga yaqin shunday qurilma mavjud bo‘lib, ular Turkiya, Qatar, Ozarbayjon va Ukrainaning Harbiy Havo kuchlari tomonidan ekspluatatsiya qilinadi. “Bayraktar” uchuvchisiz apparatining bir komplekti narxi taxminan 70 million AQSH dollari turadi. 

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti kecha, 8 aprel kuni ishchi safari bilan Donbassda bo‘lib qaytdi. Rossiya bilan chegara hududda joylashgan ushbu mintaqada 2014 yildan beri turli darajadagi harbiy harakatlar bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

226

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing