“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK yangi samolyotga ega bo‘ldi
Jamiyat
−
11 mart 2019
7774Bugun, 11 mart kuni Toshkent xalqaro aeroportiga zamonaviy Airbus A320neo samolyoti kelib qo‘ndi. U O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi parkida shunday rusumda paydo bo‘lgan ilk laynerdir.
“Xalq so‘zi online”ning yozishicha, Airbus A320neo ikki klassli komponovkada ishlangan bo‘lib, 150 yo‘lovchi (biznes klassda – 12 , ekonom klassda – 138 nafar)ni tashishga mo‘ljallangan. Yangi samolyot CFM International kompaniyasining LEAP-1A dvigatellari va aerodinamik xususiyatlarini yanada yaxshilash imkonini beruvchi fyuzelyaj konstruksiyasidagi zamonaviy ishlanmalar tufayli oldingilariga nisbatan yoqilg‘ini 20 foiz ko‘proq tejaydi.
Iqtisodiy samaradorligi yuqori avialaynerning parvoz masofasi 4,5 mingdan 5 ming kilometrgacha uzaytirilgan. Bu “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga butun Markaziy Yevropa bo‘ylab qatnovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Samolyot salonining zamonaviy dizayni parvoz davomida yo‘lovchilarga maksimal qulaylik yaratadi. Qulay va keng o‘rindiqlar, har bir yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan individual ko‘ngilochar dasturli monitorlar, aloqa va Wi-Fi tizimlari, shuningdek, samolyot sahnida havoni sofligini saqlash va to‘g‘ri taqsimlanishini ta’minlovchi mukammallashtirilgan konditsioner tizimi parvozdan o‘zgacha zavq olishga sabab bo‘ladi.
Ikkita Airbus A320neo samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma 2017 yilda MAK rivojlanish strategiyasi hamda aviaparkni modernizatsiya qilish va yangilash dasturiga muvofiq imzolangan edi. Shu oyning oxirida esa ikkinchi samolyotning keltirilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi zamonaviy samolyotlardan iborat aviaparkka ega. Aviatashuvchining barcha qatnovlari dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari – “Airbus” va “Boeing” kompaniyalariga tegishli Boeing-757/767, Boeing -787-8 Dreamliner, Airbus A320neo havo kemalari hamda Boeing-767-300BCF yuk samolyotlarida amalga oshiriladi.
LiveBarchasi